O‘zbekiston mehnat bozorida onlayn ish izlovchilar soni kamaymoqda. Bu haqda 25-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deb xabar beradi “Spot” muxbiri.
Internet sahifalari orqali ish izlayotganlar sonida yil boshidan pasayuvchi dinamika davom etdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yillarning mos davriga nisbatan sezilarli pasaygan.
Bundan tashqari, bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar sonida ham joriy yilning aprel oyidagi yuqori ko‘rsatkichlardan so‘ng may-iyun oylarida kamayish kuzatildi.
“Buni bir tomondan mavsumiy xarakterligi bilan, ya’ni yoz oylarida ayrim sohalarda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojning qisqarishi, boshqa tomondan mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talabning ma’lum darajada muvozanatlashuvi bilan izohlash mumkin”, — dedi regulyator raisi.
Onlayn vakansiyalar bo‘yicha eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari chakana savdo, ishlab chiqarish, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda ta’lim sohalariga to‘g‘ri keladi.
“Ancor” kompaniyasi tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistonda moslashuvchan ish grafigi va masofaviy ish formatlari tobora ommalashib bormoqda. Ayniqsa, 16 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida moslashuvchan ish vakansiyalariga talab yuqori.
2023-yil yakunida mamlakatda jami ish bilan band bo‘lgan aholi soni 312 ming kishiga (+2,3%) oshgan. Ishsizlik darajasi 2022-yilga nisbatan 2,1 foiz punktga kamayib, 6,8%ni tashkil etdi.