Oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlandi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar 27-iyuldan 10-avgustgacha 15 kun davomida OTM va ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari lozim.
Buning uchun my.uzbmb.uz platformasining “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limiga kirib, “Xizmatdan foydalanish” tugmasi bosiladi va “OTM tanlash” bo‘limiga o‘tiladi.
Dastlab abituriyent “Tanlov ustuvorligi” va “Maqsadli qabul” bo‘yicha o‘z tanlovini amalga oshiradi.
Shundan so‘ng abituriyent test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos bo‘lgan beshtagacha oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishini ta’lim shakli bilan birga tanlaydi.
Bunda ta’lim yo‘nalishlarini bir oliy ta’lim muassasasi yoki turli oliy ta’lim muassasalari doirasida tanlash mumkin.
Ta’lim yo‘nalishlarini tanlab, “Saqlash” tugmasi bosilgandan so‘ng ma’lumotlarni tasdiqlash uchun abituriyentning telefon raqamiga SMS xabar yuboriladi. SMS xabardagi kodni dasturga kiritish orqali ma’lumotlar tasdiqlanadi.
Ma’lumotlar tasdiqlanganidan so‘ng, “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi. Unda abituriyent tanlagan tanlov ustuvorligi, ta’lim shakllari, OTMlar va ta’lim yo‘nalishlari aks etgan bo‘ladi. Yuklab olish tugmasi orqali abituriyent uni yuklab olishi mumkin.
Abituriyentlar ta’lim yo‘nalishlarini tanlash muddati yakunlangungacha o‘z ma’lumotlarini o‘zgartirishlari va qayd varaqasini qayta yuklab olishlari mumkin.
Ularning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani to‘g‘risidagi yakuniy tanlov natijalari ta’lim yo‘nalishlarini tanlash to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda e’lon qilinadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati kunduzgi, sirtqi, kechki hamda masofaviy ta’lim shakllari uchun qabul parametrlarining tillar kesimidagi taqsimotini taqdim etdi.
Bundan tashqari, maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash sohalari uchun ham kvotalar keltirilgan. Ular bilan batafsil quyidagi alohida havolalar orqali tanishish mumkin:
- kunduzgi ta’lim shakli uchun;
- sirtqi ta’lim shakli uchun;
- kechki ta’lim shakli uchun;
- masofaviy ta’lim shakli uchun;
- maktab ta’limi sohasi uchun;
- sog‘liqni saqlash sohasi uchun;
- davlat granti kvotasi ulushi.
2024/2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi. Bunda jami 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 88 591 nafarining arizasi qabul qilinmadi. Imtihonlar 14-iyuldan boshlandi.