O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoitida elektr energiyasiga bo‘lgan talab hafta davomida 16,5 mln kVt•soat yoki o‘rtacha 7,1%ga oshdi. 25−26-iyul kunlari energotizim bo‘yicha mutlaq tarixiy rekord ko‘rsatkichlar yangilandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 25-iyul kuni soat 15:47da tizimda iste’mol quvvati 11 822 MVtni tashkil qildi. Bu vaqtda Toshkentda havo harorati +39,7 daraja bo‘lgan. Ko‘rsatkich yoz davri uchun tarixdagi absolyut rekord bo‘lib, o‘tgan yilning 28-iyulida (+40 daraja) qayd etilgan eng yuqori iste’molga nisbatan 343 MVt ko‘p.
Shuningdek, 26-iyul kuni yozgi maksimal sutkalik elektr energiyasi iste’moli 253,3 mln kVt•soatni tashkil etib, 2023-yil 28-iyul kungi yozgi maksimal iste’moldan 0,9 mln kVt•soat ko‘p bo‘ldi.
Toshkentda 26-iyul kuni absolyut tarixiy rekord iste’mol quvvati soat 14:27da kuzatilib, 1705 MVtni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi 27-iyul (+40,1 daraja) kunida kuzatilgan maksimal iste’molga nisbatan 97 MVt ko‘pdir.
Anomal harorat fonida havo va kabel elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati pasayishi sabab, poytaxtning alohida elektr tarmoq xo‘jaliklarida (soat 11:00dan soat 17:00gacha) o‘ta kuchli yuklanishlar qayd etildi.
Holat tizimli avariyalarning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va poytaxt iste’molchilarining tartibsiz ommaviy uzilishlari oldini olish uchun qisqa muddatli vaqtinchalik cheklovlar kiritildi.
“Iste'molchilardan tarmoqda keng ko‘lamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, ancha uzoq vaqt tuzatishni talab qiladigan holgacha yetib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga to‘g‘ri keladigan bunday zaruriy choralar bugun o‘ta muhim ekanligini to‘g‘ri tushunishlarini so‘raymiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, vazirlik zarurat bo‘lmaganda elektr qurilmalardan foydalanmaslik orqali tizimda yuklamaning ortishini, avariyalar va uzilishlar bo‘lishining oldini olish mumkinligini qayd etdi.
Hozirda kunduzgi soatlarda energotizimda jami 1300 MVt zaxira quvvatlari mavjud bo‘lib, iste’mol talabining qariyb 1900 MVt (16%i) qismi quyosh fotoelektr stansiyalari hisobidan qoplanmoqda. Bu esa soatiga 590 ming kub metr gazni iqtisod qilmoqda.
Avvalroq vazirlik o‘tgan yilning iyun-iyul oylarida energetika tizimida 210 mln kVt/soat majburiy cheklov (iyun — 35 mln kVt/soat, iyul — 175 mln kVt/soat) kiritilganini aytgandi.
Joriy yilning iyun oyi va iyul oyining dastlabki o‘n kunligida iste’molchilarga barqaror, cheklovlarsiz (avariyaviy holatlar va dasturlar asosidagi rejali ta’mirlash ishlaridan tashqari) elektr energiyasi yetkazib berildi.
Avvalroq prezident energiya ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Joriy yilda 43 ming holatda tabiiy gaz va elektr energiyasidan o‘g‘irliklar aniqlangan. Mamlakatda “Energetika to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.