Magistratura bo‘yicha qabul kvotasi tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2024/2025-o‘quv yilida mamlakat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga o‘qishga qabul qilish parametri bo‘yicha jami 17 500ta kvota belgilandi.

Shundan 9 365tasi davlat granti, 8 135tasi esa to‘lov-shartnoma asosida taqsimlandi.

O‘z navbatida, davlat grantining o‘qitish tillari bo‘yicha taqsimotida 8 092tasi o‘zbek tili, 1 273tasi rus tiliga to‘g‘ri keladi.

Kontrakt asosida qabul qilish parametriga ko‘ra, o‘zbek tiliga 6 539ta, rus tiliga esa 1 596ta belgilandi. Qabul kvotasi taqsimoti bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

1-iyuldan davlat OTMlari magistratura mutaxassisliklariga qabul boshlandi. Arizalarni 30-iyulgacha jo‘natish mumkin. Hujjatlarni topshirish jarayoni vazirlikning rasmiy magistr.edu.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, magistraturaga qabul bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxati tasdiqlangan. Bu ro‘yxat orqali qaysi ta’lim yo‘nalishi davlat oliy ta’lim muassasasi magistraturasi mutaxassisligiga turdosh ekanini bilib olish mumkin.

Avvalroq oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlangani haqida xabar berilgandi.