Bugungi kunda brend yaratish va ish jarayonini yo‘lga qo‘yish uchun bir qancha bosqichlarni bosib o‘tish lozim. Ayniqsa, barchaga birdek manzur bo‘ladigan kiyimlarni ishlab chiqarish uchun nafaqat sarmoya, balki ulkan sabr va tajriba ham kerak.

18 yoshida o‘z biznesini $100 bilan boshlagan Farangiz Po‘latova (Shateni) ham 73mingdan ortiq mijozlarga erishguncha ko‘pgina qiyinchiliklarga duch kelgan.

Otasi dizaynerlik bilan shug‘ullanishiga qarshilik qilishiga qaramay, hozirda huquqshunos mutaxassisligida bakalavr darajasiga ega, o‘zining orzusidagi “Signora by Shateni” brendini ham yo‘lga qo‘ygan.

Intervyuning to‘liq versiyasi video shaklda taqdim etilgan:


Hammasi $100 bilan boshlangan

Brend yaratishga va dizaynerlikka bo‘lgan qiziqishim bolaligimdan paydo bo‘lgan. Odamlarni asosan kiygam kiyimlariga qarab eslab qolardim. Natijada har xil fasonlardan ilhomlanib o‘zim ham ijod qilishga kirishib ketganman. 1-sinf paytimda chizish bo‘yicha to‘garaklarga borishni xohlardim.

Otamga bu qizishimni aytganimda boshidanoq qarshilik qilganlar. Ular meni huquqshunos bo‘lishimni xohlaganliklari sababli 2019-yilda litseyni tugatib, Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga topshirdim.

Shu yili bitta tadbirda uch kun ingliz, rus va o‘zbek tillarida tarjimonlik qilib, $100 ishlab topdim. Bu pul brendimni yaratishim uchun dastlabki moliyaviy poydevor bo‘ldi. Avvaliga qo‘rqdim, lekin menda nimadandir qo‘rquv bo‘lsa shu ishni albatta bajarib ko‘rish odati bor.

Shu sababdan, ishni gazlamalarni sotib olishdan boshladim — 4ta ko‘ylakka yetadigan mato, qadoqlash uchun sumkalar va boshqa kerakli narsalarni tayyorlagach, o‘z dizaynim asosida tikuvchiga gazlamalarni topshirdim.

Oilamizda ijtimoiy tarmoqlarni yuritishga ruxsat berilmagandi. 7-sinf paytimda “Instagram"da yopiq profilimni kundalik faoliyatimni ko‘rsatgan holda yuritganman. So‘ng, biznesimni yo‘lga qo‘ygach, uni ommaviylashtirib, kiyimlar rasmlarini joylaganimda birinchi mijozlarim aloqaga chiqishni boshlashdi.

Hammasi yaxshi boshlandi, to kiyimlar sifatsiz holatda tayyor bo‘lguniga qadar. Hatto etiketkasi ham bo‘lmagan bu ko‘ylaklarni kimdir sotib olishiga ishonmasdim. Ishni qaytadan boshlab, sifatli mahsulot tayyorlashga esa mablag‘im yo‘q edi.

brend yaratish, farangiz po'latova, signora by shateni

Shunda ularga bu ko‘ylaklar sifatsiz ekanligini ochiq-oydin aytganman, lekin mijozlar kiyimning fasoni yoqqanligi uchun ham sotib olishmoqchi edilar. O‘sha payti ko‘ylaklarning narxini 165ming so‘mdan qo‘yganman. Tannarxi 130mingni tashkil qilgan, sifati sababli atigi 35 ming so‘m qo‘shimcha qilganman, xolos.

Ish faoliyatimizning birinchi yilida faqatgina ko‘ylaklar ishlab chiqarganmiz. 2022-yilga qadar savdoni onlayn shaklda olib bordik va shu yili Toshkent city’dan do‘kon ochishga qaror qildik. O‘sha paytlari “Boulevard” turar-joy kompleksidagi kafe va do‘konlar ochilmagan, aholi ham deyarli tashrif buyurmasdi. Biz esa 3 yillik mijozlarimiz ishonchi bilan tavakkal qildik.

“Boulevard"da do‘konlar beton holatida topshiriladi. Ijarasi kvadratiga $35-$40ni tashkil etadi. Ta’mirlash, gaz, elektr va suv bilan o‘zimiz ta’minlaganmiz. Butunlay tayyor holatga keltirgunga qadar $50ming atrofida sarmoya qilganman.

Butun ta’mirlash bir kechada yo‘qqa chiqqan, ya’ni do‘konga suv toshib, devordagi bo‘yoqlar ham oqib ketgan. Shunda ham maqsadimdan qaytganim yo‘q, ma’lum bir vaqtdan keyin yana mablag‘ to‘plab do‘konni qayta yo‘lga qo‘ydik.

Taxallusim brendni rivojlantirgan. Brend uchun “Signora by Shateni” nomini kechki payt soat 3da o‘ylab topganman. “Signora” italyancha “lady” degan ma’noni anglatadi. Bu so‘zni qo‘llashimizdan maqsad, bizning mahsulotlarimiz asosan ayollik jozibasini ifodalab bergan. “Shateni” esa “Instagram"-sahifamdagi taxallusim va u brendni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mijozlar bilan yuzma-yuz ishlaganman

Brend yaratilganida dastlab barcha ishni o‘zim bajarganman, hatto mijozlar bilan ishlashni ham. Har bitta buyurtmachining mahsulotdan mamnun bo‘lishi men uchun muhim edi. Barcha biznesda bo‘lgani singari men ham ko‘pgina qiyinchiliklarga duch kelganman.

Bitta voqeani kechagidek eslayman. Mijozimiz bizning mahsulotni xarid qilgach, yoqmaganini aytib murojaat qilgan. Boshqa libosga almashtirib bersak ham bizdan norozi bo‘ldi. Keyin u “uyimga kelib ko‘ylagingizni ko‘ring qanaqa sifatsiz ekanligini, shaxsan o‘zingiz olib keting”, — deb men bilan uzoq tortishdi. Avvaliga qo‘rqqan bo‘lsam-da, borishga majbur bo‘ldim, chunki mijoz fikri men uchun muhim edi.

Uyiga kirganimda brendimiz mahsulotini olib chiqdi, keyin mavzu umuman o‘zgarib ketdi. U ayolning katta o‘g‘li ham biznesga, fashion sohasiga qiziqar ekan. Uni ishga joylab qo‘yishimni so‘rab, aks holda ommaga brend haqida yomon izoh berishini aytgan. Harakat qilib ko‘rishimni aytganimdan so‘ng u ayol ikkinchi o‘g‘liniyam ko‘rsatib, uni blogerlikka qiziqishini va reklama qilib berishimni aytgan.

Brend nomini himoyalash shart. Brend yaratayotganda birinchi navbatda uning nomini huquqiy tomondan himoyalash, ya’ni ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Sababi mahsulotlar ommalashgani sari boshqa ishlab chiqaruvchilar ham dizaynni nusxalashni boshlaydi. So‘ng sizning nomingizni ham o‘zlashtirib, ma’lum vaqtdan keyin uni sizga qimmat bahoda sotishlari ham mumkin.

“Signora by Shateni” xalqaro va mahalliy brend shaklida ro‘yxatga olingan. Ish boshlaganimizdan so‘ng bir yilgacha nomimizni rasmiylashtirmaganmiz. Ammo, xalqaro va milliy ishlab chiqaruvchilar bizning to‘plamimizni minglab nusxada tayyorlay boshlagani uchun ro‘yxatga olishga qaror qildik.

brend yaratish, farangiz po'latova, signora by shateni

Tikuv sexi va xodimlar

Ishni faqat ko‘ylaklar tayyorlash bilan boshlagan bo‘lsak, bugunga kelib mahsulotlarimiz turi ko‘paygan, masalan shimlar, klassik uslubdagi koftalar, kostyumlar, yubkalar, jinsilar va sport kiyimlari ham ishlab chiqariladi. Hozirda kiyimlarimiz uchun gazlamalarni nafaqat milliy bozordan, balki Turkiya, Xitoy va Dubay mamlakatlaridan olib kelamiz.

Har bitta mavsum uchun to‘plamlar kamida 3 oy oldin boshlanadi. Ularning dizayni bilan eng boshidan beri o‘zim shug‘ullanaman. Har bitta kiyim ishlab chiqarilishidan oldin sinovdan o‘tkaziladi. Bir mavsumda tayyorlangan to‘plam keyingi yili takrorlanmaydi va ularning soni chegaralangan miqdorda ishlab chiqariladi.

Eng quyi narx 100mingdan boshlanib, eng baland narx 850minggacha boradi.

Ayrim to‘plamlar tez-tez tayyorlanadi. Misol uchun, birinchi ishlab chiqargan qizil “goroshka"li va duxobadan tikilgan qora ko‘ylaklarimiz 5 yildan buyon mashhur bo‘lib kelmoqda.

Birinchi ochgan sexim 25 kvadrat metrda joylashgan edi. Ishlab chiqarish hajmi ko‘paygani sari bizga katta joy kerak bo‘la boshladi. Shundan so‘ng, sanoat zonasidan joy olib hozirgi seximizni qurganmiz va buning uchun $20ming atrofida sarmoya ketgan. Bir oyda seximiz tomonidan o‘zimizning brend uchun ishlab chiqarilgan kiyimlar hajmi 1000taga yetadi.

Ishlab chiqarishda bir narsani ishonch bilan aytamanki, sex ochgandan ko‘ra mahsulotlarni tayyorlashni autsorsing qilgan yaxshiroq. Sababi, sex faoliyati ham alohida katta biznes hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchi buyurtmani autsorsing qilsa, uning asosiy ish faoliyati to‘plam yaratishga ajratiladi.

O‘z seximni ochishimning sababi esa ko‘proq ish o‘rinlarini yaratishdan iborat. Bugunga kelib “Signora by Shateni” sexida 15 nafar va do‘konda 5 nafar xodim faoliyat yuritadi.

brend yaratish, farangiz po'latova, signora by shateni

Buyurtmalarga oldindan to‘lov olinmaydi

Butun dunyo bo‘ylab katta brendlarda bo‘lgani singari bizda ham buyurtmalar uchun eng katta savdolar bahor va yoz mavsumida amalga oshiriladi. Mijozlarimizga asosan onlayn shaklida xaridlarni amalga oshirish qulay hisoblanadi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra onlayn xaridlarimiz ham nisbatan ko‘p.

Mijozlarimiz buyurtmalari uchun to‘lovni mahsulot uyiga yetib borgach, ma’qul kelsa amalga oshirishadi. Faqatgina, cheklangan miqdorda tayyorlanadigan to‘plamimiz uchun oldindan to‘lov qilinib, navbatga yozilish kerak.

Yana bir voqeani yaxshi eslayman, mijozimiz yangi chiqqan to‘plam kiyimini buyurtma qiladi. Kiyib ko‘rgach, kiyimning uzunligi yoqmasdan qirqib tashlaydi. Keyin ham ma’qul kelmagani uchun ortga qaytarib yuboradi. Bunday vaziyatlarda ham mijozlar bilan iloji boricha iliq munosabatda bo‘lishga harakat qilamiz.

Bugungi kunda brendimiz faoliyati kengayib bormoqda. Mahsulotlarimiz ko‘plab xorijiy davlatlargacha yetib borgan. Mijozlarimiz soni esa 73mingdan ortiq. Brendimiz daromadi oyiga $10mingni tashkil etadi.

Kelajakdagi rejalar va tavsiyalar. O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan qizlarga shuni tavsiya qilamanki, birinchi navbatda o‘qish kerak. O‘zbek oilalarida qizlarga yaxshi oilaga turmushga chiqishi, ona va uy bekasi bo‘lishi kerakligini yoshligidan uqtirishadi. Qiz bola dastavval o‘zini rivojlantirishi, o‘qishi va o‘rganishi, shaxsiy ish faoliyatiga ega bo‘lishi kerak.

Kelajakdagi rejalarim haqida gapiradigan bo‘lsam, brend faoliyatini va mahsulotlar safini yanada kengaytirib, filiallarni ochishni maqsad qilganman.