2024/2025-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida minimal o‘tish bali o‘zgarishsiz qoldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining tegishli bayoni qabul qilindi. U bilan o‘tish ballari quyidagicha bo‘ldi:
- granti bo‘yicha minimal o‘tish bali — 68 ball (maksimal 189 ballning 36%);
- to‘lov-kontrakt bo‘yicha minimal o‘tish bali — 56,7 ball (maksimal 189 ballning 30%).
Mazkur talabni bajarmagan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalari uchun tanlovda ishtirok eta olmaydi.
Kunduzgi, sirtqi, kechki hamda masofaviy ta’lim shakllari uchun qabul parametrlarining tillar kesimidagi taqsimoti bilan bu yerda tanishish mumkin.
2024/2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi. Bunda jami 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 88 591 nafarining arizasi qabul qilinmadi. Imtihonlar 14-iyuldan boshlandi.
Joriy o‘quv yilida davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida bir vaqtda o‘tkazildi.