Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori bo‘yicha turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, yo‘nalishlar jami 32ta turdosh guruhlarga ajratildi. Ro‘yxat bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Quyidagi ta’lim yo‘nalishlari soha (tarmoq, yo‘nalish, faoliyat turi) bo‘yicha mos ta’lim yo‘nalishlari yoki mutaxassisliklari guruhiga turdosh hisoblanadi:
- “Kasb ta’limi (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha)”;
- “Professional ta’lim (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha)”;
- “Xizmat ko‘rsatish texnika va texnologiyasi (xizmat ko‘rsatish tarmoqlari bo‘yicha)”;
- “Xizmatlar sohasi (faoliyat turlari va yo‘nalishlari bo‘yicha)”.
Shuningdek, ko‘chirish yoki qayta tiklashga ariza topshirganlarning ilgari ta’lim olgan yo‘nalishlari amaldagi klassifikatorga muvofiqlashtirib, inobatga olinadi.
Davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari bakalavriaturaning kunduzgi ta’lim shakliga — 34 838 nafar etib, magistratura bo‘yicha esa 9 365 nafar etib belgilangan.
2024/2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi. Bunda jami 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 88 591 nafarining arizasi qabul qilinmadi. Imtihonlar 14-iyuldan boshlanib, 26-iyul kunigacha davom etdi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlashga start berildi. Abituriyentlar 10-avgustgacha OTM va ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari lozim.
Joriy o‘quv yilida davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida bir vaqtda o‘tkazildi.