“IT Park” vakillari “Haulmont” IT-kompaniyasi ijrochi direktori Maksim Vasilev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
Unda tomonlar kompaniyaning O‘zbekistonda yangi ofisini ochish imkoniyatlarini muhokama qildi. Mamlakatda xorijiy valyutada daromad qilish imkoniyati mavjudligi kompaniyaga eksportga yo‘naltirilgan “bek-ofis"ni tashkil etish uchun qulay ekani aytildi.
Bek-ofis (back office) — bu moliyaviy bozorlarda faoliyat yurituvchi tashkilotning aktivlari va majburiyatlarini boshqarish bilan shug‘ullanadigan bo‘limlar ishini ta’minlaydigan operatsion va buxgalteriya bo‘limi.
Joriy yilning kuzida kompaniya mamlakatda yirik autsorsing ofisini ochishni rejalashtirmoqda. “Haulmont” xodimlari orasida o‘zbekistonlik IT-mutaxassislar ham mavjudligi sabab, kompaniyaga bu ofisga ko‘proq o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilishga qiziqmoqda.
Kompaniya bek-ofisini tashkil etish O‘zbekistonga eksport salohiyati va xorijiy valyutadagi daromadlarni oshirish imkonini berishi, IT-sohasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’kidlanmoqda.
Kompaniya haqida
“Haulmont” 2008-yilda Rossiyada tashkil etilgan. Kompaniya dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va IT-xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning dunyo bo‘ylab joylashgan 4ta ofisida 720 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi, yillik aylanmasi $50 mlndan ko‘proq.
Avvalroq IT-kompaniyalarga Qoraqalpog‘istonda loyihalarni amalga oshirishga yordam berilishi ma’lum qilingandi. Eksport sohasida ishlab, yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirayotgan xorijdagi fuqarolardan arizalar qabul qilinmoqda.