Markaziy bank mikromoliya tashkilotlarining islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.
Hujjat bilan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish uchun mikromoliya tashkilotlari maxsus kengash tashkil etishi kerak. U mikromoliya tashkiloti ishtirokchilari yoki aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida saylangan kamida 5 kishidan iborat bo‘ladi.
Uning faoliyatini autsorsing asosida jalb qilish mumkin. Bunda mikromoliya tashkiloti jalb qilingan maxsus kengash faoliyati bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni boshqarish uchun javobgardir.
Mikromoliya tashkilotlari islomiy moliya bilan bog‘liq quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin:
- islomiy ijara;
- muzoraba — foydani taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish;
- murobaha — nasiya savdoga asoslangan moliyalashtirish;
- mushoraka — sherikchilik, ya’ni foyda va zararlarni taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish;
- salam — oldindan to‘lovga asoslangan moliyalashtirish.
Maxsus kengash a’zolarining kamida bir nafari islom huquqi sohasida oliy ma’lumotga, bir nafari oliy yuridik ma’lumotga, qolgan a’zolari esa islomiy moliyalashtirishga oid xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozim.
An’anaviy xizmatlar ko‘rsatilganda, islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishda buxgalteriya hisobi alohida yuritilishi kerak.
Taqiqlangan va maxsus kengash ko‘rsatmalariga zid bo‘lgan tovarlar savdosi bilan shug‘ullanish hamda faoliyat turlarini moliyalashtirish taqiqlanadi. Xususan, chet el valyutasi, kriptoaktivlar, oltin va kumushlarni sotib olish uchun pul berish mumkin emas.
Yil boshida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov Markaziy bankka islomiy bank ochish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmaganini, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha qaror loyihasi hukumatga kiritilganini qayd etgandi. Islomiy moliya bo‘yicha qumdon tashkil qilinib, bu boradagi ishlarni boshlash kutilmoqda.
May oyida regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev islom moliyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu yangi va murakkab soha, qonunchilikda juda ko‘p o‘zgartirishlarni talab qiladi.