Besh yillik stajga ega fuqarolarni o‘qishga qabul qilish uchun tavsiya etish huquqiga ega tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasi qarori qabul qilindi.
Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ishlagan fuqarolar suhbat asosida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt bilan sirtqi va kechki ta’limda o‘qishlari mumkin.
Ularni quyidagi ro‘yxatda keltirilgan 88ta vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari tavsiya etish huquqiga ega:
Bunda, ro‘yxatda keltirilgan tashkilotlarning tavsiyanomasiga ega bo‘lgan talabgorlari Bilimni baholash agentligining maxsus elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Jarayon 1-avgustdan 15-avgustgacha davom etadi.
Ular bilan suhbat o‘tkazish va talabalikka qabul qilish hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan sirtqi ta’lim shakliga maktab ta’limi tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida 5 yillik stajga ega abituriyentlar qabul qilinadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi. Bular:
- boshlang‘ich ta’lim;
- tasviriy san’at va muhandislik grafikasi;
- musiqa ta’limi;
- jismoniy madaniyat;
- texnologik ta’lim.
Bunda kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan va hozirda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan pedagog xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan olinadi.
Prezidentning tegishli qarorida pedagogika sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga ta’lim tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida 5 yillik stajga ega va ro‘yxatdan o‘tish davrida ta’lim tashkilotlarida faoliyat olib boruvchi shaxslar qabul qilinishi belgilangan.
Avvalroq bakalavr uchun turdosh yo‘nalishlar ro‘yxati, xotin-qizlar uchun esa qo‘shimcha grant kvotasi tasdiqlangandi.