Shohimardonga kirishda joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkti uzluksiz rejimga o‘tdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
26-iyuldan Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Farg‘ona” chegara bojxona posti hamda Shohimardonga kirish qismida joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkti tunu kun ishlash rejimiga o‘tkazildi.
Endilikda Shohimardonga dam olgani borayotgan fuqarolar bu bojxona obyektlari orqali istalgan vaqtda harakatlanishlari mumkin.
Qayd etilishicha, bu 18-iyul kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki mamlakat davlat rahbarlarining uchrashuvidagi kelishuvlar doirasida amalga oshirilgan.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bojxona hamda chegara xizmati rahbarlari Farg‘ona viloyatidagi chegara-bojxona postlari faoliyatini birgalikda ko‘zdan kechirdi.
Unda yangi bojxona postlarini tashkil etish va mavjudlaridan samarali foydalanish, bojxona postlarida tirbandliklarning oldini olish imkoniyatlar tahlil qilindi.
Yil boshida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida yangi chegara punkti ochilishi ma’lum qilindi. Yil oxirigacha Uchqo‘rg‘on va Kengsoy bojxona postlarini qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
2022-yilning dekabrida Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarani kesib o‘tishda pasport nazoratini yengillashtirishga kelishib olgandi.
Yanvar oyiga kelib, 2006-yildagi hukumatlararo bitimga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha bayonnomalar almashinuvi 27-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Aprel oyida prezident Qirg‘iziston bilan chegarani ID-karta orqali kesib o‘tish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. May oyida Qirg‘iziston tomoni ham bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini qabul qildi. Sentabrga borib, 4ta postda ID-karta bilan Qirg‘izistonga o‘tish tartibi yo‘lga qo‘yildi.