Raqobat qo‘mitasi “Knauf"ni O‘zbekistonda ustun mavqega ega deb topdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita tomonidan gipsokarton mahsulotini ishlab chiqarish va sotish bozorida tahlil o‘tkazildi.
Uning natijalariga ko‘ra, “Knauf Gips Buxoro” MChJning bozordagi ulushi 40%dan ortiqni tashkil etgani aniqlandi.
Shundan kelib chiqib, qo‘mita “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasi bilan kompaniyani ustun mavqega ega deb e’tirof etdi.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Knauf Gips Buxoro” 2006-yilning iyulida tashkil etilgan.
Kompaniya ta’sischilari “Knauf International Gmbh” (75%) va “Deg — Deutsche Investitions Und Entwicklungsgesellschaft MbH” (25%) hisoblanadi.
2023-yil oxirida qo‘mita “Yandex Go” taksi xizmatini O‘zbekistonda ustun mavqega ega deb topgandi. Ko‘rsatilgan xizmatlari yuzasidan korxonalar ichida eng katta bozor ulushi 86,3% bilan Yandex Go"ga to‘g‘ri kelgan.
Avvalroq YHXBBning 26,5 mlrd so‘mlik tenderida qonun buzilishi aniqlangandi. Raqobat qo‘mitasi IIV YHXBBga yo‘l belgilari uchun bo‘yoqlar va shisha mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha tanlov natijalarini bekor qilishni topshirdi.