O‘zbekistonning oltita hududidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizim tashkilotlariga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita tomonidan tibbiyot muassasalarida o‘lchash va sinash vositalarining metrologik ko‘rikdan o‘tkazilganligi tahlil qilindi.
Navoiy, Namangan hamda Sirdaryo viloyatlarining har birida 2tadan, Andijon (jami 56ta o‘lchash va sinash vositalari) va Jizzax (344ta) viloyatlarida esa 5tadan, shuningdek, Toshkent viloyatidagi 4ta tibbiyot muassasasida aholiga metrologik ko‘rikdan o‘tmagan tibbiy uskunalar orqali pullik xizmat ko‘rsatilganligi aniqlandi.
Xususan, Namangandagi Chust va Pop tumanlari tibbiyot birlashmasi filiallari 2023-yil va 2024-yilning birinchi choragi davomi o‘lchash va sinash vositalari o‘z vaqtida metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmagan.
Mazkur hududlardagi tibbiyot muassasalari mazkur holatlar natijasida 600 mingdan ortiq iste’molchiga 300 mln so‘mga yaqin kafolatlanmagan xizmatlar ko‘rsatganligi ma’lum bo‘ldi.
Natijada, tibbiyot muassasalari “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunining 4, 12, 19, 20 va 27 moddalari talablariga qarshi harakatlar amalga oshirgan deb topildi hamda hukumatning tegishli qarori bilan ish qo‘zg‘atildi.
Ularga qonunbuzarlik holatining bartaraf etilishi yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi. Qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 8ta mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rish yuzasidan tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Knauf"ning O‘zbekistonda ustun mavqeini tan olgandi. “Knauf Gips Buxoro” gipsokarton mahsulotini ishlab chiqarish bozoridagi ulushi 40%dan ortiqni tashkil etgan.