Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagib majlisida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi, uni tashkil etish hamda davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘lovlarini to‘lash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. U bilan davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lanadigan quyidagi nafaqa turlari belgilanmoqda:
- kasallik — ishchilarning betobligi sababli mehnatga layoqatsizligi davri uchun to‘lanadigan nafaqa;
- “dekret” — ayollarning tug‘uruqqacha va tug‘uruqdan keyingi davri uchun to‘lanadigan nafaqa;
- ishdan bo‘shatish nafaqasi — fuqarolarning vaqtincha ishsizligi davrida to‘lanadigan nafaqa.
Shuningdek, qonun loyihasida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan aholini sug‘urtalash tizimi joriy etilishi belgilanmoqda.
Inson hayoti va faoliyati davomida vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotganida (o‘zi yoki farzandi kasal bo‘lganida, qisqa davolanishda, tug‘ruq davrida) yoki ishsiz qolganida ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 2025-yilning 1-iyulidan barcha sug‘urtalangan ayollarga, ularning bandlik va mehnat faoliyati turi, sug‘urtalash manbasidan qa’tiy nazar, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lab beriladi.
Ikkinchi bosqichda 2026-yildan barcha sug‘urtalangan jismoniy shaxslarga, ularning bandlik va mehnat faoliyati turi, sug‘urtalash manbasidan qa’tiy nazar, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lab beriladi.
Uchinchi bosqichda prezident qarorlariga asosan sug‘urtalangan shaxslarga ishsizlik nafaqasi va boshqa turdagi to‘lovlar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi yuqorida aytilgan nafaqalarning to‘liq to‘lanishiga, ijtimoiy faol aholining kambag‘al oilalar toifasiga tushib qolishining oldini olishga xizmat qiladi.
Joriy yilning may oyida sug‘urtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llashning yangi tartibi belgilangandi.