AQShga noqonuniy migratsiya bo‘yicha ko‘mak beruvchi va undan foyda ko‘ruvchi shaxslar uchun viza cheklovlari joriy qilindi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Migrantlar uchun Amerikaga noqonuniy safarni rejalashtirib, tashkillashtirib beruvchi viza agentliklari, turoperatorlar va turistik tashkilotlar, AQSh vizasini olish imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar.
Qo‘shma Shtatlar Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning tegishli bo‘limiga muvofiq, viza cheklovlariga oid siyosatini kengaytirdi. Bu bilan mamlakatga tartibsiz migratsiyani osonlashtiruvchi va muhojirlarni ekspluatatsiya qilishdan foyda oluvchi shaxslarga viza berilishi cheklanadi.
“Biz ushbu kengaytirilgan siyosatni yo‘lga qo‘yarkanmiz, hukumat va xususiy sektordagi hamkorlar bilan G‘arbiy yarimsharda va undan tashqarida ekspluatatsiya amaliyotlarini bartaraf etish bo‘yicha yanada kengroq kampaniyamiz doirasida insofsiz transportatsiya rahbarlariga nisbatan viza cheklovlaridan foydalanishni davom ettiramiz. Hech kim — kontrabandachilar ham, xususiy kompaniyalar ham, davlat amaldorlari ham yoki boshqalar ham zaif muhojirlardan foyda ko‘rmasliklari kerak”, — deyiladi AQSh Davlat departamenti xabarida.
Joriy yilning 10-iyunidan AQSh elchixonasi yangi viza olish tizimini ishga tushirdi. Bunda arizachilar har qanday talab etiladigan viza to‘lovlarini suhbat sanasidan oldin to‘lashadi.
Suhbatsiz vizaga murojaat etish talablariga javob beruvchilar yetkazib berish xizmati orqali hujjatlarini konsullik bo‘limiga topshirishlari hamda ularni belgilangan tegishli bo‘linmadan qabul qilib olishlari mumkin.
Mart oyida AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik ortiga qaytarilgandi. Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar mamlakatga kiritilmaydi. Aksincha, noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQShga qo‘yib yuborilmasdan, ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingungacha hibsda saqlanadi.