Amerikaning “XSolla” videoo‘yin kompaniyasi O‘zbekistonda o‘yin yaratish akademiyasini tashkil etmoqchi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.
“Global Business Services Forum” doirasida kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Kompaniya vakillari O‘zbekistonda Gamedev akademiyasini (Game Development Academy) tashkil etish rejasini namoyish etishdi. Kompaniya ko‘nikmalarni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va o‘yin sanoatini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratdi.
Qayd etilishicha, dunyo bo‘ylab talab yuqori bo‘lgan videoo‘yin dasturchilari O‘zbekiston uchun ham muhim afzalliklarni taqdim etadi. Akademiya mamlakatda dasturchilarga sifatli ta’lim berish va xalqaro kompaniyalarga ishga joylashish imkoniyatini taqdim etadi.
Uchrashuvda loyihani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, mahalliy kompaniya va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
“IT Park” kompaniyaga loyihani amalga oshirishda barcha zarur yordamni, jumladan, texnopark rezidentlari bilan shartnomalar tuzishda, optimal joylashuvni topishda va kompaniyani O‘zbekistonda qonuniy rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Shuningdek, “IT Park” “XSolla” bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yirik o‘yin studiyalarini jalb qilgan holda barcha talabalarni o‘qitish va ishga joylashtirishni ko‘zda tutuvchi to‘laqonli Gamedev ekotizimini yaratish niyatida.
Akademiya bitiruvchilari mahalliy bozorga yangi g‘oyalar va innovatsion yechimlarni olib kelib, O‘zbekiston o‘yin sanoatining sezilarli o‘sishi va rivojlanishiga hissa qo‘sha olishiga ishonch bildirildi. Ular olgan bilim va ko‘nikmalari orqali xalqaro investitsiyalarni jalb qilib, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish va raqobatbardosh mahsulotlar yaratish mumkin.
“XSolla” — Amerika kompaniyasi bo‘lib, u o‘yin kompaniyalariga o‘z loyihalarini ishlab chiqish, ilgari surish, monetizatsiya qilish va moliyalashtirishda ko‘maklashadi. Kompaniya 2005-yilda tashkil etilgan, hozirda 490 nafardan ortiq ishchi-xodimga ega va yillik daromadi $100 mlndan ziyodni tashkil etadi.
Avvalroq Turkiyaning “Haulmont” kompaniyasi O‘zbekistonda ofisini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya ofisni kuzda ochiib, unga o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilmoqchi.