Toshkentda talabalarni turar joy bilan ta’minlash markazlari tashkil etiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hokimlikda poytaxt hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova boshchiligida talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahri bo‘yicha 29ta davlat oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha 60ta markaz (shtab) tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ularda 200 nafardan ortiq ko‘ngilli yoshlardan iborat volontyor va tyutorlar talabalarning yotoqxona va ijara xonadonlariga joylashishiga ko‘mak beradi.

Qayd etilishicha, talabalikka tavsiya etilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Talabalar turar joyi axborot tizimi"ga yuklangan.

O‘tgan o‘quv yilidan boshlab, 1-kurs talabalari uchun davlat xizmati markazlari va Yagona portal orqali yotoqxonaga joylashtirish bo‘yicha bepul xizmat ko‘rsatila boshlandi.

Joriy yilda ham talabalar turar joyiga joylatirish bo‘yicha arizalar 20-avgustdan qabul qilinishi kerak. Bunda turar joylarga o‘rinlarni taqsimlashda talabalarning ijtimoiy mezonlarga mosligi avtomatik tekshiriladi.

Xususiy xonadonlarga joylashtiriladigan talabalar bilan tuziladigan ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib, Face-ID orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qo‘yiladi.

Talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplash ijara shartnomasi summasidan qat’i nazar, Toshkentda 340 ming so‘mni, qolgan hududlarda esa 170 ming so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlangandi. Abituriyentlar 10-avgustgacha OTM va ta’lim yo‘nalishlarini my.uzbmb.uz platformasi orqali tanlashlari lozim.