Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston moliya bozorlarini mustahkamlash va energetika sektorini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy qiymati $400 mln bo‘lgan ikkita qarzni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ulardan biri 2020-yildan amalga oshirila boshlangan, uglerod chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan dastur doirasida ajratilib, kredit miqdori $300 mlnni tashkil etadi. Qolgan $100 mln miqdoridagi mablag‘ moliya bozorini rivojlantirish maqsadida yo‘naltiriladi.
“Xususiy sektorning faol ishtiroki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va transformatsiyasi uchun juda muhim ahamiyatga ega. Dasturlar tartibga soluvchi organlar va kompaniyalar uchun barqaror ichki moliyaviy bozorlarni yaratish va iqlim o‘zgarishidan kelib chiqib, energiyaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish orqali rivojlanishni rag‘batlantirishda qulay muhit yaratishga yordam beradi”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.
Birinchi dastur doirasida xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirish va moliyaviy barqarorlikni oshirishda energetika sektorining tuzilishi, huquqiy-me'yoriy bazasi va boshqaruvini takomillashtirishga yordam beriladi.
Xususan, raqobatni rivojlantirish va shaffoflikni ta’minlash uchun mustaqil energetika regulyatorini yaratish, markaziy xarid va chakana savdo funksiyalarini ajratish va yangi tashkil etilgan mustaqil tashkilotlarga o‘tkazish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni oshirish belgilangan.
Shuningdek, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va mamlakatning elektr uzatish va tarqatish tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha energetika sektori bosh rejasi ishlab chiqiladi.
Ikkinchi kichik dastur esa operatsiyalar va xizmatlarni optimallashtirish uchun bozor sharoitlarini yaxshilashga, kapital va pul bozorlari o‘sishi uchun talab va taklifni tartibga solish borasida regulyator va institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Xususan, kapital bozorini tartibga solish alohida organga o‘tkaziladi va tegishli barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar bir qonunda birlashtiriladi. Yashil va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun obligatsiyalar chiqarishni nazarda tutuvchi davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, dastur kapital bozorlariga kirish uchun “tartibga solish qumdoni” rejimini ishga tushirishni o‘z ichiga oladi. Oshkoralikni ta’minlash maqsadida bozor faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar onlayn rejimda e’lon qilinadi.
Avvalroq OTB O‘zbekistondagi tug‘ruq markazlarini yaxshilashga $100 mln ajratishi ma’lum qilingandi. Ajratilgan mablag‘lar mamlakat bo‘ylab 230ga yaqin perinatal markazlarni modernizatsiya qilishga yordam beradi.