Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida avtomobil raqamlari savdosi uch barobarga oshib, 426,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu haqda savdo maydonchasi matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

Yanvar-iyun oylarida birjaning avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimi orqali 104,9 ming dona avtomobil raqamlari xarid qilindi. Shu bilan birga, avtomobil raqamlari savdosi ham miqdoriy, ham umumiy ko‘rsatkichlarda uch baravar oshdi.

Shuningdek, sotilgan avtomobil raqami belgilarining 97%i jismoniy shaxslarga, qolgan 3%i esa yuridik shaxslarga to‘g‘ri keldi. Avtoraqamning minimal qiymati 1,7 mln so‘mni tashkil etdi, maksimal qiymati esa 500 mln so‘mdan oshdi.

Eng qimmat “chiroyli” avtoraqamni Toshkent shahridan yuridik shaxs 517,14 mln so‘mga sotib olgan. Boshlang‘ich narx bilan solishtirganda, avtoraqam belgilarining narxi ikki-uch barobarga oshgan. Ikkinchi o‘rinda 10-iyul kuni 508 mln so‘mga sotilgan “chiroyli” avtoraqam turibdi.

2023-yilda tovar-xom ashyo birjasida 396,1 mlrd so‘mga 87 ming dona avtomobil raqamlari sotildi. Eng qimmat “chiroyli” avtoraqamni yuridik shaxs 450 mln so‘mga sotib oldi, bu 2021-yilda o‘rnatilgan rekorddan biroz yuqori ko‘rsatkichdir.

Joriy yilning birinchi choragida tovar-xom ashyo birjasida avtomobil davlat raqam belgilari savdosi 3 barobarga oshib, 212,2 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Avvalroq 1-avgustdan avtomobil raqamlari tasodifiy tanlash yo‘li bilan berilishi haqida ma’lum qilingandi.