Tahlilchi hamda R&D mutaxassisi Timurmalik Elmuradovning fikricha, birinchi yarim yillikda dollar kursining o‘tgan yilga nisbatan kamroq qimmatlashuvi dollarning ko‘proq kelib tushishi bilan bog‘liq.
Yanvar oyi boshida bir dollarni 12 390 so‘mdan, iyul boshida esa 12 620 so‘mdan sotib olish mumkin bo‘ldi. Olti oyda Amerika valyutasi 1,8%ga qimmatlashdi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yaxshi (3,1%) ko‘rsatkichdir.
“Bu birinchi navbatda mehnat migrantlari joriy yilda O‘zbekistonga o‘tgan yilga nisbatan 25%ga ko‘proq ($6,5 mlrd) pul o‘tkazmalarini amalga oshirganlari bilan bog‘liq”, — deb yozadi tahlilchi.
Pulning asosiy qismi Rossiyadan kelganiga qaramay, boshqa davlatlarning ulushi ham oshib bormoqda. Timurmalik Polsha (+93%), Janubiy Koreya (+90%), Germaniya (+64%) hamda AQShni (+43%) ko‘rsatib o‘tdi.
Ikkinchidan, oltinni hisobga olmaganda, eksport $8,8 mlrdga (deyarli 11%ga) o‘sdi. Tahlilchi buni geografiya va strukturaning asta-sekin o‘zgarib borayotgani bilan izohladi. Masalan, AQSh eng yaxshi 10ta savdo hamkori qatoriga kirdi, sut va sut mahsulotlari hajmi 80,5%ga o‘sdi.
Uchinchidan, joriy yilda import sekinroq o‘smoqda — o‘tgan yilning shu oylarida bu ko‘rsatkich +17%ni tashkil etgan bo‘lsa, yil boshidan buyon +10,6% bo‘ldi.
Sababi, bu yil ko‘plab xorijiy tovarlarga talab pasaydi. Masalan, O‘zbekistonga keltirilayotgan samolyotlar soni kamayib, $776 mlndan $338 mlnga pasaydi.
“So‘nggi yillarda yilning ikkinchi yarmida, ayniqsa avgust-sentabr oylarida so‘m qisman pasayadi. Demak, keyingi ikki oy hal qiluvchi oy bo‘ladi, ammo hozircha hammasi yaxshi ketmoqda. Har holda, 2023-yilga qaraganda yaxshiroq”, — deydi Timurmalik.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday davom etishi uchun xomashyoni mamlakat ichida qayta ishlash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hamda yangi bozorlarga chiqish zarur. Boshqa yo‘l yo‘q, deya xulosa qildi u.
Tahlilchilarning fikricha, yanvar-iyun oylarida so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik holat. Ular kelgusi olti oyda o‘sib borayotgan savdo defitsiti va pul o‘tkazmalarining qisqarishi sabab, milliy valyutaning zaiflashishi tezlashishini kutishmoqda.
Oxirgi uch ish kunida Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi qariyb 93 so‘mga pasaydi. Xususan, 26-iyul kuni Markaziy bank dollar kursini 12 599,83 so‘m, 30-iyul kuni 12 541,04 so‘m etib belgiladi.
Joriy yilning 15-may kuni dollar kursi rekord darajani qayd etib, 1 AQSh dollari 12 727 so‘m bo‘lgandi.