Profilaktika ishlari sabab, elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarda texnik uzilishlar bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 1-avgustidan mamlakatda elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimini joriy etish belgilangan.
Yangi “HET billing” dasturiy kompleksi ishga tushirilishidan kelib chiqib, 31-iyul soat 23:50dan 5-avgust soat 22:00gacha Ma’lumotlarni qayta ishlash markazida profilaktik ishlar olib boriladi.
Bu vaqt oralig‘ida elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish hamda shaxsiy hisob raqamdagi mavjud ma’lumotlarni olishda texnik uzilishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga bu vaqtda qarzdor iste’molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan ajratilmaydi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev yangi billing tizimida abonentning kadastr ma’lumotlari, bitta odam nomida nechta hisob raqami borligi kabi ma’lumotlar bo‘lishini qayd etgandi.
Yangi tizimda monitoring ishlarini olib borish maqsadida iste’molchining shikoyat va takliflari, ularning soni ham yozib boriladi. Bundan tashqari, tizimning mobil ilovasi ham ishlab chiqildi. U orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hamda iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdorini onlayn olish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilangandi. Xususan, 26-iyul kuni yozgi maksimal sutkalik elektr iste’moli 253,3 mln kVt•soatni tashkil etib, 2023-yilning deyarli mos davriga nisbatan qariyb 1 mln kVt•soatga ko‘p bo‘ldi.