“Farhod” bozorida “Hyundai” va “KIA” avtomobillari uchun kontrafakt mahsulotlar sotuvi aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti xabar berdi.
Departamentga “Hyundai Motor Company” va “Kia Corporation” kompaniyalari vakillari tomonidan ularning tovar belgilaridan ruxsatsiz foydalanilayotganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushgan.
“Farhod” avtotransport vositalarining ehtiyot qismlari bozorida belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib borilganda fuqarolar A.S.B va R.D.Sh bir xil nomdan foydalanilayotganliklari ma’lum bo‘ldi.
Holat bo‘yicha ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi. Ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudiga yuborildi.
Sud qarori bilan huquqbuzarlarga nisbatan BHMning 15 barobari — 5,1 mln so‘m miqdorida jarima jazolari tayinlandi.
Jizzax viloyatidagi “ADM Jizzakh” avtomobil zavodida yirik blok ostida 18ta avtomobil modeli ishlab chiqariladi. Shundan 2 turdagi tijorat transporti “Hyundai” hamda “Kia” brendlari hisoblanadi.
Avvalroq Sirdaryodagi “Asaka Motors” avtozavodida “Hyundai” avtomobillarini ishlab chiqarish boshlangandi.