Markaziy bank boshqaruvi qarori bilan “Payment System Platform” to‘lov tashkilotining litsenziyasi chaqirib olindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bunga qonunchilikda belgilangan savdo va xizmat ko‘rsatilishi ta’qiqlangan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishga sharoitlarning yaratilganligi sabab bo‘lgan.
Natijada “Payment System Platform"ning to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi va to‘lov tashkilotlari reyestridan chiqarildi.
Endilikda regulyator tomonidan ro‘yxati shakllantirilib boriladigan tashkilotlar soni 43tani tashkil etadi.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Payment System Platform” 2021-yilning 30-iyunida tashkil etilgan. Faoliyatiga ma’lumotlarni joylashtirish va ishlov berish bo‘yicha xizmatlar kiradi.
Aksiyadorlik jamiyatining ta’sischilari “All In One” (65%), Samatov Lochinbek Azamatovich (17,5%) hamda Xan Aleksey Ruslanovichlar (17,5%) hisoblanadi.
Kompaniyaga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya Markaziy bank tomonidan 2021-yilning noyabr oyi boshida berilgan. 30-noyabridan boshlab esa “IT Park” rezidenti maqomini olgan hamda reyestrga kiritilgan.
Avvalroq Markaziy bank 7−8ta to‘lov tashkilotining litsenziyasini bekor qilganini bildirgandi. Shuningdek, 3−4ta to‘lov xizmatlarini aksiyadorlik jamiyatiga o‘tishlari uchun hujjatlarni tayyorlashga kechiktirdi.