Toshkentdagi savdo shoxobchalarida 8 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlarining sifatsiz ekani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan poytaxtda nazorat xaridi tashkil etildi.
Buning uchun savdo shoxobchalaridan 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar xarid qilinib, belgilangan tartibda rasmiylashtirildi. Ular akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarga sinov uchun taqdim etildi.
Mahsulotlarning sifati va xavfsizligi bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Milliy “Referens” va “Texnostandart-NEO” huzuridagi akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar xulosalarini berdi.
Unga ko‘ra, 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 8 nomdagisi (88%i) amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, texnik reglament yoki standart talablari bo‘yicha kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yoriqlanishi va qadoqlanishi bilan bog‘liq.
Bu mahsulotlar quyidagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegishli ekanligi aniqlandi:
- “Bruni” shokoladli keks mahsuloti — ishlab chiqaruvchi “Almerro Group” korxonasi;
- “Sellatilgan mol go‘shti oliy nav” konservalangan mol go‘shti mahsuloti — ishlab chiqaruvchi “Marmaks” korxonasi;
- “Bio Kefir” kefir — ishlab chiqaruvchi “Dil-Bah Dairy Group” korxonasi;
- “Qand” mahsuloti — ishlab chiqaruvchi “Prima Industries Group” korxonasi;
- “Chernogolovka” gazlangan salqinlantiruvchi ichimlik — ishlab chiqaruvchi “Aqua Products” korxonasi;
- “Urussa” kungaboqar yog‘i — ishlab chiqaruvchi korxona “Resurs” moy ekstraksiya zavodi;
- “Kunjutnoye maslo” yog‘ mahsuloti — ishlab chiqaruvchi “Maxmadjon Nurafshon” korxonasi;
- “Sedana yog‘i” yog‘ mahsuloti — ishlab chiqaruvchi “Maxmadjon Nurafshon” korxonasi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazorat xaridi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yish yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.
Avvalroq qo‘mita tomonidan SSV tizimidagi ayrim tibbiyot muassasalariga nisbatan ish qo‘zg‘atilgandi. Ular tomonidan o‘lchash va sinash vositalari o‘z vaqtida metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmasdan aholiga 300 mln so‘mga yaqin kafolatlanmagan xizmatlar ko‘rsatilgan.