Startaplarning qariyb yarmi g‘oya bosqichidan sotuvga o‘tishda qiynalishadi. Bu haqda “U-Enter” markazi va “ERGO Analytics” tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot hisobotida ma’lum qilindi (Nusxasi “Spot"da mavjud).
So‘rovnoma jami 310 nafar startap-loyiha asoschisini qamrab olingan. Tadqiqot “startap portreti"ni yaratish va yangi boshlayotgan tadbirkorlar duch keluvchi asosiy muammolarni aniqlashga qaratilgan.
Respondentlarning 60%ini 20−30 yoshdagi, yana 21%ini 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Har beshdan uch nafari bakalavr darajasiga ega, 16%i professional ta’lim muassasalarini, 14%i magistratura bosqichini tamomlagan. Ta’limning 55%i IT va aniq fanlar, 30%i gumanitar fanlar bilan bog‘liq.
Loyihalarning yarmidan ko‘pi hozirda g‘oya bosqichida, 37%i bir yildan kamroq vaqt oldin ish boshlagan va atigi 13%i bir yildan ortiq vaqtdan buyon ishlamoqda. Loyihalarning 31%i prototipiga (MVP) ega, 7%i esa birinchi sotuv bosqichiga chiqqan.
Ta’sischilarning asosiy qismi ish vaqtining kichik qismini o‘z loyihalariga bag‘ishlaydilar — haftasiga 12 soatdan kam. 22%i startaplar ustida 20 soatgacha, 13%i 32 soatgacha ishlaydi va atigi 9%i ularga asosiy kasb sifatida qaraydi.
Startaplarning 42%i Toshkent shahrida, yana 24%i Farg‘ona vodiysi hududlarida tashkil etilgan. Har ikkinchi odam 2dan 5 kishigacha bo‘lgan jamoani optimal deb hisoblaydi, 28%i individual ishlashni tanlashadi.
Bundan tashqari, startaperlar uchun eng ommabop soha ta’lim (EdTech) bo‘ldi — 21%. Ular ijodiy sohani biroz kamroq tanlaydilar (19%), tibbiy texnologiyalar esa uchinchi o‘rinda (11%) turibdi. Keyingi o‘rinlarda elektron tijorat (10%), CleanTech (8%), fintex (7%), agrotexnonlogiyalar va SaaS (har biri 6%) joylashgan.
Startaplarning atigi 37%i faqat O‘zbekistonning ichki bozoriga yo‘naltirilgan. Uchdan biri Markaziy Osiyo yoki MDHning boshqa mamlakatlari bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda, 11%i Osiyo mamlakatlari, 8%i Yevropa hamda 7%i Amerikani ko‘rib chiqmoqda.
Loyihalarning 45%ga yaqini korporativ mijozlar (B2B) bilan ishlamoqda yoki ishlashni rejalashtirmoqda. To‘rtdan bir qismi iste’mol sektorini (B2C) o‘zining asosiy sektori deb hisoblaydi.
Avvalroq fintex bo‘yicha startap tanloviga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda ishtirok etish uchun arizalarni 1-sentabrgacha jo‘natish mumkin.