Raqamli texnologiyalar vazirligi O‘zbekistonda “Youtube” videoxostingi faoliyatidagi uzilishlar haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu bo‘yicha “Spot” vazirlik matbuot kotibi Sherzod Axmatovga murojaat qildi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlardagi mahalliy foydalanuvchilar “Youtube"ning yomon ishlashi, jumladan, videolarning sekin yuklanishi haqida shikoyat qilishmoqda. Bir nechta “Spot” jurnalistlari ham xizmatdan foydalanishda xuddi shunday muammoga duch kelishdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati “Spot"ga “YouTube” “me'yorida” ishlayotganini bildirdi. Bundan tashqari, Rossiyada videoxosting tezligining sekinlashishi bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistonga “hech qanday ta’sir qilmaydi”, deya ta’kidlandi.
“Agar „YouTube“ bir davlatda sekinlashsa, bu O‘zbekistonda ham sekinlashadi, degani emas, ya’ni bir davlatga bog‘lanib qolinmagan”, — dedi Sherzod Axmatov.
Iyul oyi o‘rtalarida “Rostelekom” davlat internet provayderi Rossiyada “Youtube” videoxostingi ishining sekinlashgani haqida xabar bergandi. Bunga Amerikaning “Alphabet” kompaniyasining mahalliy serverlari ishidagi “texnik muammolar” sabab bo‘lishi aytildi.
O‘tgan hafta Rossiya Davlat Dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn Rossiyada ish stoli kompyuterlarida “Youtube"ni yuklab olish tezligi kelasi haftada 70%ga tushishini aytdi. Cheklov chorasi faqat ish stoli versiyalariga ta’sir qilib, hozircha mobil qurilmalarga ta’sir qilmaydi.
Avvalroq 31-iyuldan 5-avgustgacha elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarda texnik uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.