2024/2025-o‘quv yili uchun mamlakat oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi akademik litseylarga kirish imtihonlarining yakuniy natijalari e’lon qilindi.

Mandatni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining my.edu.uz rasmiy saytidan “Shaxsiy kabinet"ga kirish orqali bilish mumkin.

O‘quvchi to‘plagan bali asosida ustuvorlik bo‘yicha tanlagan akademik litseyga o‘qishga qabul qilinadi. Ustuvorlik bo‘yicha batafsil sharh bilan bu yerda tanishish mumkin.

Belgilangan tartibga muvofiq, kirish test sinovi natijasidan norozi bo’lgan o‘quvchilar yakuniy natijalar e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida my.edu.uz orqali elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.

Joriy yilning 10-iyunidan 2024/2025 o‘quv yili uchun akademik litseylarga qabul boshlandi. Imtihonlar 25−26-iyul kunlari ikki smenada o‘tkazildi.

Avvalroq bakalavriatura uchun turdosh yo‘nalishlar ro‘yxati tasdiqlangandi. Unga ko‘ra, yo‘nalishlar jami 32ta turdosh guruhlarga ajratildi.