Talabalar turar joyi uchun ariza yuborish jarayonlari 1-avgustdan boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Arizalarni Yagona portal (my.gov.uz) orqali bepul yuborish mumkin hamda hech qanday hujjat talab etilmaydi.
Tegishli reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar yotoqxonaga qabul qilinadi.
Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi:
- 1-kurs talabalari uchun 55−65%;
- 2-kurs talabalari uchun 15−20%;
- 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20−25%gacha.
Arizalarni joriy yilning 1-avgustidan boshlab o‘quv yili yakunigacha havola orqali jo‘natish mumkin.
2024/2025-o‘quv yilida OTMlarning 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar yakuniy natija chiqqandan so‘ng ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi. Ular uchun ham joylar yuqoridagi tartib asosida ajratiladi.
Kimlar ustuvorlikka ega?
Arizani ko‘rib chiqishda quyidagi toifaga kiruvchi talabalar ustuvorlik asosida yotoqxonaga qabul qilinadi:
- “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari"da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
- bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari;
- oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
Shuningdek, quyidagi jihatlar ustuvorlikka ega:
- ta’limning kunduzgi shaklida tahsil oluvchi talabalar;
- teng miqdordagi ayol talabalar uchun ustuvorlik;
- OTM hududidan tashqarida yashovchi kunduzgi bakalavr talabalari;
- ikki va undan ortiq bolali oilalar, kunduzgi bakalavr talabalari;
- ariza berish sanasi bo‘yicha ustuvorlik.
Ariza natijalari uch xil ko‘rinishda taqdim etilishi mumkin:
- yo‘llanma berish — arizaga ijobiy qaror qabul qilinganda, talabgor bir ish kuni ichida yotoqxona uchun yo‘llanma oladi;
- arizani qabul qilish to‘g‘risida xabarnoma — imtiyozlar bo‘lmasa, talabaga maxsus navbat beriladi va 15 kun ichida arizaga javob olish mumkin;
- ariza rad etiladi — yo‘llangan ariza turli sabablarga ko‘ra rad etilishi mumkin va bunda rad etish sabablari ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi.
Avvalroq Toshkentda talabalarni turar joy bilan ta’minlash markazlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Poytaxtdagi 29ta davlat OTMlarida 60ta markaz tashkil etish rejalashtirilgan.