Mavsumiy deflyatsiya iyul oyida ham davom etdi. Oy davomida iste’mol narxlari 0,28%ga pasaydi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida keltirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oylik narxlarning pasayishi 2021-yildan beri eng kuchlisi bo‘ldi. Shu bilan birga, yil boshidan buyon inflyatsiya 4,9%ni tashkil etdi — oldingi besh yilda yuqori ko‘rsatkich faqat 2022-yilda kuzatilgandi.
Oxirgi 12 oy ichida narxlarning o‘sishi 10,5%ni tashkil etdi. Bu 2023-yilning iyul oyi oxiridagi yillik inflyatsiyadan sezilarli darajada yuqori, ammo oldingi uch yilga nisbatan past.
Oziq-ovqat narxlari iyul oyida 1,5%ga, yetti oy davomida esa 3,3%ga kamaydi. Yillik asosda oziq-ovqat narxlari atigi 2,9%ga o‘sdi, bu so‘nggi yillardagi minimal ko‘rsatkichdir.
Iyul oyida meva narxi 11,2%ga, sabzavotlar 5,6%ga pasaygan. Tuxum 2,5%ga, sut 0,5%ga arzonlashdi. Shu bilan birga, yog‘-moy mahsulotlari oy davomida 0,8%ga, baliq 0,6%ga qimmatlashdi.
Yil davomida sabzavot narxi 18,6%ga pasaygan. Piyoz va karam qariyb ikki barobarga, pomidor 27,6%ga arzonlashdi. Shu bilan birga, mevalar o‘rtacha 11%ga, anor 1,9 barobarga, uzum 60%ga qimmatlashgan.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar segmentida narxlarning oylik o‘sishi 0,7%ni tashkil etgan bo‘lsa, yillik o‘sish 8,3%gacha tezlashdi. Kiyim-kechak narxi iyul oyida 0,6%ga, yil davomida esa 6%ga oshgan. Poyafzal narxining o‘sishi mos ravishda 0,3% va 5,5% ni tashkil etdi.
Maishiy texnika narxlari oy davomida 0,9%ga, o‘tgan iyulga nisbatan esa 6,8%ga oshgan. Smartfonlar yana 0,1%ga (yiliga 0,6%), kompyuterlar 0,8%ga (2,1%) qimmatlashdi. Dori vositalarining narxi oy davomida 2,2%ga, yil davomida esa 22%ga oshdi.
O‘tgan iyul oyidan beri narx 20%ga oshgan bo‘lsa-da, benzin narxi oy davomida 0,7%ga tushdi. Propan narxi iyul oyida 1,9% va yil davomida 16%ga o‘sdi.
Xizmat ko‘rsatish sohasida inflyatsiya iyul oyida atigi 0,5%ni tashkil etdi. Shu bilan birga, energiya tariflari oshirilganidan keyin yillik o‘sish 28%ga yetdi.
Umumiy ovqatlanishda narxlarning o‘sishi biroz tezlashdi (oyiga 0,7% va yiliga 12,2%), mehmonxona sohasida sekinlashdi (0,2% va 17,8%). Iyul oyida aviatashuvlar 0,8%ga (yiliga 6,9%), temir yo‘l transporti 2%ga (43,9%) qimmatlashdi.