Janubiy Koreyaning “E9 Pay” kompaniyasi o‘zbekistonliklar uchun pul o‘tkazmalari xizmatini yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “E-9 Pay” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda “E9 Pay” kompaniyasi xalqaro pul o‘tkazmalari, to‘lov yechimlari, biznes hamda jismoniy shaxslar uchun moliyaviy texnologiyalarni o‘z ichiga olgan xizmatlarni taqdim etishi ta’kidlandi.
Tomonlar hamkorlik memorandumini imzolashdi. Hujjat kelgusida Koreyaga ishga borayotgan fuqarolar ish haqini “E9 Pay” orqali xavfsiz va qulay tarzda yuborishga yordam ko‘rsatishni belgilaydi.
Shuningdek, fuqarolar qiyin vaziyatga tushishganida tarjimonlik xizmatlaridan bepul, pul mablag‘larini yuborishda bank xizmatlaridan arzonlashtirilgan tarzda foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq yarim yilda xorijdan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari hajmi $6,5 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25%ga o‘sgani ma’lum qilingandi. Xususan, Janubiy Koreyadan pul jo‘natmalari qariyb ikki barobarga oshgan.
Xorijdagi mehnat migrantlarining $380 mingga yaqin pullari undirib berildi. Yanvar-iyun oylarida 63,6 ming nafar fuqaro xorijiy davlatlarda manzilli va tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirilgan.