O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida qimmatbaho metallarning sotuv hajmi 2,3 barobarga oshdi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.
2024-yilning birinchi yarmida birja savdolari orqali umumiy qiymati 876,5 mlrd so‘mlik 1,3 tonna qimmatbaho metallar sotildi.
Shundan 99,7%i yoki 873,5 mlrd so‘mi oltin savdosiga to‘g‘ri keladi. Kumushning qiymati esa 3 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Shunday qilib, qimmatbaho metallarning sotuv hajmi 2023-yilning mos davriga nisbatan 2,3 barobarga oshgan.
Yanvar-iyun oylari davomida tovar-xom ashyo birjasida oltin bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi 19%ga — 1 gramm uchun 794,2 ming so‘mdan 944,7 ming so‘mgacha oshgan.
2023-yilda birja savdolari orqali umumiy qiymati 1,13 trln so‘mlik 1,8 tonna qimmatbaho metallar sotilgan bo‘lib, shundan 99%i oltin savdosiga to‘g‘ri keldi.
Yil boshida qimmatbaho metallarni birja orqali chegirma asosida sotib oluvchi tadbirkorlar uchun yangi tartib joriy qilindi. Yaratilgan ish o‘rinlarining kamida 70%ini zargarlik va qimmatbaho metall buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ishchilar tashkil etishi kerak.
Avvalroq birinchi yarim yillikda avtoraqamlar savdosi uch barobarga oshgani haqida xabar berilgandi. Umumiy qiymati 426,2 mlrd so‘mlik davlat raqami belgilarining 97%i jismoniy shaxslarga, qolgan 3%i esa yuridik shaxslarga to‘g‘ri keldi.