Ijtimoiy tarmoqlarda propan narxlarining keskin oshgani haqidagi xabarlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Xususan, suyultirilgan gaz narxi 5700−6500 so‘mgacha qimmatlashgan.
Raqobat qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida tovar-xom ashyo birjalari orqali sotilishi belgilangan suyultirilgan gazning qo‘yilishi va sotilishi yuzasidan o‘rganishlarni olib borayotganini ma’lum qildi. O‘rganish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
Shuningdek, qo‘mita o‘z funksiyalaridan kelib chiqib, birja savdolarida sotilayotgan yuqori likvidli mahsulotlarning realizatsiyasi holatini doimiy tahlil qilib kelishini ta’kidladi.
Bunda suyultirilgan gaz narxlarining oshishi mumkinligini oldindan prognoz qilgan holda, uning narxini barqarorlashtirishni ta’minlash maqsadida tegishli choralar ko‘rish yuzasidan mas’ul regulyatorga 15-iyul kuni xabar yuborilgan.
Tovar-xomashyo birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1-iyun kuni propanning bir tonnasi 5,2 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 1-iyulda bu 6,02 mln so‘m bo‘lgan. Iyul oyi oxirigacha mahsulot narxi 25%ga oshib, 31-iyulda 7,5 mln so‘mni tashkil etgan.
Propanning ulgurji narxi so‘nggi ikki oyda 44%gacha oshgan. Bu daraja oxirgi marotaba yanvar oyida kuzatilgandi. Statistila agentligi ma’lumotlarida propan narxi iyul oyida 1,9% va yil davomida 16%ga o‘sgani qayd etilgan.