Soliq qo‘mitasi “Soliq” mobil ilovasining yangilangan versiyasini taqdim etdi. Bu haqda 1-avgust kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida eksportchilar bilan o‘tkazilgan muloqotda qo‘mita raisi Sherzod Qudbiyev ma’lum qildi.
Yangilangan ilovaning 2.0.0 versiyasida tadbirkorlar uchun “Soliq Biznes” xizmati qo‘shildi. Xizmatdan foydalanish uchun korxona rahbari va bosh hisobchisi “Face ID” orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
Xizmatning birinchi sahifasida korxona nomi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, korxona barqarorlik reytingidagi o‘rni hamda soliq majburiyatlarining bajarilgan yoki bajarilmaganlik holati ko‘rinadi.
Keyingi bo‘lim — korxonaning iqtisodiy faoliyatiga tegishli asosiy savollar va ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Ular tadbirkorning “DSB ma’murchiligi” va “Mahallabay” ishlash tizimidagi mezonlari asosida aks ettiriladi.
Masalan, soliq hisobotlarining o‘z vaqtida taqdim etilganligini onlayn kuzatish, hisoblangan soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, bank hisobraqamlarining to‘xtatilgan yoki to‘xtatilmaganligi, yuborilgan va kelib tushgan elektron hisobvaraq-faktura elektron ishonchnoma va elektron shartnomalarning har bir holati keltirilgan.
Yangilangan versiyadagi mazkur xizmatda hisobraqam to‘xtatilish sababi ham ko‘rsatiladi. Endi elektron tovar transport yuk xatlarini shakllantirish va qabul qilishni 2 yoki 3 harakat bilan amalga oshirish mumkin. Bunda TTYXni haydovchi tasdiqlashi shartmas.
Shaxsiy kabinetga yuborilgan talabnoma va boshqa yozishmalar alohida kichik bo‘limda joylashtiriladi. Bu yerdan soliq organiga murojaat yuborish mumkin.
Tadbirkor o‘ziga biriktirilgan soliq inspektori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishi mumkin bo‘ladi. Ko‘rsatilgan xizmatga esa salbiy yoki ijobiy baho berish mumkin.
Shuningdek, jismoniy shaxslarning pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi va diplomiga oid ma’lumotlar ilovada bo‘ladi. Bundan tashqari, ish joyi, mehnat faoliyati, daromadlari va pensiya jamg‘armasi mablag‘lari, egaligidagi hamda ijaraga olingan mol-mulklar haqidagi ma’lumotlarni ilova orqali ko‘rish mumkin.
Yangilangan Soliq ilovasi Android uchun mavjud. Yaqin orada iOS versiyasi uchun chiqariladi.
Avvalroq O‘zbekistonda eng ko‘p soliq to‘lagan xorijiy internet-kompaniyalari ma’lum qilingandi. Ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori 44,8 mlrd so‘mni tashkil etib, ko‘rsatkich 1,5 barobarga o‘sgan.