“U-Enter” markazi va “ERGO Analytics” tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi startapchilar ko‘pincha investitsiya kiritish va mijozlarni topishda qiyinchiliklarga duch kelishadi (“Spot"da mavjud).
Tadqiqot startap-loyihalarining 310 nafar asoschisini qamrab oldi. Ularning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i moliyalashtirishni asosiy muammo sifatida ko‘rsatdi. Undan keyin xaridorlarni qidirish (21%), buxgalteriya va yuridik xizmatlar (14%) va xodimlarni tanlash (12%) turibdi.
Loyiha asoschilarining qariyb yarmi muvaffaqiyatsizlikka uchrashganini aytishdi. Bu asosan investitsiyalar yetishmasligi (35%) bilan bog‘liq, shuningdek, ko‘pchilik bilim va ko‘nikmalarning kamligi (24%) va kuchsiz jamoani (15%) ham qayd etishgan.
Har o‘ninchi respondent muvaffaqiyatsizlikning asosiy omili sifatida yuqori ekspluatatsiya xarajatlarini keltirdi. 8%i marketingdagi muammolar va talab yo‘qligini ko‘rsatdi.
Startaplarni rivojlantirish uchun mablag‘lar ko‘pincha shaxsiy jamg‘armalardan (36%) ajratiladi. 15%i davlat dasturlari bo‘yicha grantlar, 14%i oila va do‘stlar sarmoyalarini jalb qilgan. Loyihalarning 7%i uchun pul xalqaro donorlar tomonidan, 6%iga esa biznes farishtalari tomonidan taqdim etilgan. Faqat 3%i venchur fondlarini qayd etdi.
Startaplarning 23%i $10 minggacha sarmoya jalb qilgan, yana 16%i $10−100 ming olgan. Faqat 5%i $100 mingdan ortiq mablag‘ni jalb qila oldi. Shu bilan birga, 56%i haligacha investitsiyalarni jalb qilmagan.
Xarajatlarni taqsimlashda 20%i materiallarni xarid qilish, xodimlarni yollash va marketingni birinchi o‘ringa qo‘ydi. Biroq, ko‘pincha IT-xizmatlari xarajatlarning asosi hisoblanadi (22%). Ish joyini ijaraga olish va kommunal to‘lovlarni 9%i ko‘rsatgan.
Respondentlarning uchdan biridan biroz ko‘prog‘i investitsiya uchun kompaniyaning nazorat paketini sotishga tayyorligini ma’lum qildi. 42%i 10−50% ulushga ega bo‘lishlari mumkinligini aytdi, 12%i esa hech qanday ulushni sotishni xohlashmaydi.
Avvalroq O‘zbekistonda 1 mld so‘mgacha grantlar ajratadigan startaplar tanlovi o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.