Avvalroq san’atkorlar tomonidan e’lon qilingan yo‘lovchi poyezdlarda konditsioner tizimi ishlamayotganligi haqida xabarlar muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Undan keyin “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” buni anomal issiq havo harorati tufayli ayrim vagonlarning sovutish tizimlarida nosozliklar kuzatilayotgani bilan izohladi. Shundan so‘ng, Raqobat qo‘mitasi holatni nazoratiga oldi.
Qo‘mita matbout xizmatining xabar berishicha, muammolarni manzilli hal etish choralarini ko‘rish maqsadida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi tomonidan joriy yilning 19-iyulidan boshlab kupe tipidagi vagonlarning havo sovutish tizimi uchun to‘lov undirilmasdan chipta narxidan chegirib qolina boshlandi.
Fuqarolardan sovutish tizimi xizmatlari uchun to‘lov amalga oshirilishiga qaramay, yo‘lovchi poyezdlarida harakatlangan vaqtlarida konditsioner ishlamasa, Raqobat qo‘mitasi yoki “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” tomonidan murojaatlar qabul qilinadi.
Bunda harakat vaqtida konditsioner ishlamayotganligini tasdiqlovchi foto va video materiallari bilan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi"ning +99871 299−94−50 (1005) yoki uzjeldorpass@mail.ru pochtasiga, yokida Raqobat qo‘mitasining +99871 207 47 00 (1159) raqami yoki info@antimon.gov.uz elektron pochtasiga murojaat qilish mumkin.
Ularni o‘rganishda ma’lum bir yo‘nalishda harakatlanayotgan poyezd tarkibidagi yo‘lovchi vagonining sovutish tizimlari ishlamasligi aniqlansa, yo‘lovchilarga tegishli miqdordagi mablag‘lar kompensatsiya sifatida qaytarib beriladi.
Avvalroq Toshkentdagi savdo shoxobchalarida 8 nomdagi mahsulotning sifatsiz ekani aniqlangandi. Raqobat qo‘mitasi kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlar savdosiga chek qo‘yish choralarini ko‘rmoqda.