Vashington Markaziy Osiyo mamlakatlariga Rossiya va Xitoyni chetlab o‘tib, jahon bozorlariga chiqish imkonini beruvchi yangi savdo yo‘lini yaratishni taklif qilmoqda. Bu haqda AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Jeyms O‘Brayen ma’lum qildi.
AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan tinglovda rasmiy Markaziy Osiyo davlatlari “aql bovar qilmaydigan darajada boy” ekanini aytdi. Biroq ularning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlari yo‘nalishlar yo‘qligi sababli cheklangan.
AQSh Armaniston va Ozarbayjon hududlari orqali o‘tadigan quruqlik yo‘lagi yaratishni rejalashtirmoqda, bu esa mintaqaning Rossiya va Xitoyga transport qaramligini kamaytiradi.
Yangi marshrut yaratishdan asosiy maqsad Markaziy Osiyo davlatlariga ikki yirik qo‘shniga qaramligini kamaytirgan holda jahon bozorlariga o‘z yo‘llarini tanlash imkoniyatini berishdan iborat.
Vashington, shuningdek, iqtisodiy va energetika sohasida hamon Moskvaga qattiq qaram bo‘lgan Armanistonga Rossiyaning ta’sirini kamaytirishga harakat qilmoqda.
Joriy yilning iyul oyida Shavkat Mirziyoyev uzunligi 454 kilometr bo‘lgan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlagandi.
Qurilish muddati 6 yil bo‘lib, loyiha qiymati $4,7 mlrdni tashkil etadi, buning yarmi ishtirokchi davlatlar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladi.
Bundan tashqari, Toshkentda boshqa transport yo‘laklarini rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda. Shunday qilib, 2023-yil noyabr oyida O‘zbekiston Turkmaniston, Eron va Turkiya bilan yo‘lak tashkil etish to‘g‘risida bayonnoma tuzdi.
Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov iyun oyida Afg‘oniston va Pokiston orqali janubiy yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surgandi. Hozirda u avtomobil transportidan foydalanmoqda, ammo yaqin kelajakda temir yo‘l liniyasi qurilishi boshlanishi kerak.
Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan transport aloqasiga 10 mlrd yevro sarmoya kiritishi haqida yozgandi.