Eng namunali “Talabalarni turar joy bilan ta’minlash” markazlari rag‘batlantiriladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
1-avgust kuni vazir o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov rahbarligida oliy ta’lim muassasalarida talabalarini turar joy bilan ta’minlashga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda yangi o‘quv yilida talabalarni turar joy bilan tezkor ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, yuzaga keladigan jiddiy muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida 1-avgustdan 10-sentabrgacha bo‘lgan muddat “dolzarb 40 kunlik” sifatida belgilangan.
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarining barcha bosqich talabalari uchun belgilangan mezonlar asosida yotoqxona va ijara xonadonlariga joylashtirilishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
O‘tgan yildan buyon Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazlari (infokiosk) tashkil etib kelinmoqda. Shundan kelib chiqib, barcha OTMlarning asosiy binolari hamda yotoqxonalarga kirish qismlarida kamida 4ta joyga infokiosklar joylashtirish belgilandi.
Yordam markazlariga tajribali volontyorlar biriktiriladi. Eng namunali markazlar 20 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
Ijara xonadonlari bazasini shakllantirish, talabalarni guruh tyutorlari orqali ijara xonadonlariga joylashishiga ko‘maklashish, OTM saytida yangi topilgan ijara uylari haqidagi ma’lumotlar (manzili, xonadon egasining ismi sharifi, telefoni, ijara uyining narxi ko‘rsatilgan holda)ni e’lon qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Oliy ta’lim muassasalari rektorlari yotoqxona va ijarada istiqomat qilayotgan talabalar holidan shaxsan xabar olishi, ijara xonadonlariga ham, yotoqxonalarga ham tashriflar har haftada kamida 1 marotaba tashkil etilishi ta’kidlandi.
Avvalroq Toshkentda talabalarni turar joy bilan ta’minlash markazlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Poytaxtdagi 29ta davlat OTMlarida 60ta markaz tashkil etish rejalashtirilgan.
1-avgustdan talabalar turar joyi uchun ariza yuborish jarayonlari boshlandi. Arizalarni Yagona portal orqali bepul jo‘natish mumkin hamda hech qanday hujjat talab etilmaydi.