Markaziy bank iyul oyida 20ta bankka nisbatan ogohlantirish berdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqdi.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oyidagi yig‘ilishlarda 59ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 51ta masala ko‘rildi.
Ulardan 12tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, yana 12tasi to‘lov tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy shakli aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgarganligi sabab, ular faoliyatini amalga oshirishga berilgan litsenziyani qayta rasmiylashtirish, 1tasi banklarning chet elda vakolatxonasini ochishga ruxsatnoma berish kabilar borasida bo‘lgan.
Shu bilan birga, 1ta to‘lov tizimi operatori hamda 3ta to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya chaqirib olindi.
Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 8ta masala muhokama qilindi. Bular Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasi bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, 13ta to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari ustav fondi va tashkiliy-huquqiy shakliga qo‘yilgan talablarga rioya qilmaganligi uchun chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Amalga oshirilgan nazorat tadbirlari davomida banklar tomonidan iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaganligi sabab, 20ta tijorat bankiga ham ogohlantirish berildi.
Ularga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular bo‘yicha tegishli chora ko‘rish, prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatidagi zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning ma’lum qilishicha, 7−8ta to‘lov tashkilotining litsenziyasi bekor qilingan. Yana 3−4ta to‘lov xizmatlari aksiyadorlik jamiyatiga o‘tkazilishi sabab, ular hujjatlarni tayyorlashga kechiktirildi. 1-iyuldan barcha to‘lov tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi kerak.
“Payment System Platform” to‘lov tashkilotining litsenziyasi chaqirib olindi. Bunga to‘lov tashkilotining ta’qiqlangan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishga sharoit yaratib bergani sabab bo‘lgan.
Iyun oyida Markaziy bank “Qulay Pul” to‘lov tizimi operatori va “UzPost” shuba korxonasi bo‘lgan “Milliy pochta to‘lovlar” tashkilotining litsenziyalarini qaytarib olgandi. Litsenziyalarni bekor qilish uchun kompaniyalarning bayonotlari asos bo‘ldi.