O‘zbekiston so‘mi ketma-ket ikkinchi oy davomida AQSh dollariga nisbatan mustahkamlanib bormoqda. Bu haqda “Spot” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlarida qayd etilgan.
Iyul oyida milliy valyuta kursi 16,63 so‘mga yoki 0,02%ga mustahkamlanib, 12 541,04 so‘mni tashkil etdi. O‘tgan oy oxirida dollar kursi 12-martdan beri eng past darajaga yetdi.
Shunday qilib, bu milliy valyuta narxining ketma-ket ikkinchi oylik o‘sishi bo‘ldi — masalan, iyun oyida mustahkamlanish 44,69 so‘mni tashkil etdi. Yetti oy yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi atigi 1,52%ga qadrsizlandi.
Shu bilan birga, yanvar-iyul oylarida iste’mol narxlari qariyb 5%ga oshdi, bu esa so‘mning real ayirboshlash kursi mustahkamlanganini anglatadi. Kuchli milliy valyuta sharoitida import arzonlashadi va eksport kamroq jozibador bo‘ladi.
Dollar kursi 25-iyul, 24-iyul, 19-iyul, 18-iyul, 17-iyul, 11-iyul, 10-iyul, 9-iyul, 8-iyul, 5-iyul, 4-iyul, 3-iyul va 1-iyul kunlari oshgandi.
“Spot” suhbatlashgan mutaxassislarning fikricha, birinchi yarim yillikda so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik hisoblanadi.
Milliy valyuta kursini qo‘llab-quvvatlovchi omillar orasida yevroobligatsiyalar chiqarilishi, oltin narxining oshishi va Markaziy bankning valyuta intervensiyalari bor edi.
Kelgusi olti oy ichida tahlilchilar tashqi savdo taqchilligining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli milliy valyutaning zaiflashuvi tezlashishini kutmoqda.
Avvalroq tahlilchi Timurmalik Elmuradov O‘zbekistonda dollar kursi bilan nima sodir bo‘layotgani haqida o‘z fikrini bildirgandi.
Uning fikricha, birinchi yarim yillikda dollar kursining o‘tgan yilga nisbatan kamroq qimmatlashuvi dollarning ko‘proq kelib tushishi hamda eksport o‘sishi kabilar bilan bog‘liq.
U so‘m zaiflashuvining oldini olish uchun bir nechta omillarni, jumladan, xomashyoni mamlakat ichida qayta ishlash, xizmatlar ko‘rsatish hamda yangi bozorlarga chiqish kerakligini sanab o‘tdi.