Avvalroq avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda “ADM Jizzakh” zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyarov elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarishni taklif qilgandi.
Shundan so‘ng, bu ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. 1-avgust kuni eksportchi tadbirkorlar bilan o‘tgan uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mazkur masala o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.
“Bitta tadbirkor o‘zi standart olib, o‘zi unga javob beradigan qo‘shimcha elementni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Buning sababi, bizda ishlab chiqarishning borligidir”, — dedi u
Shuningdek, u xorijiy mamlakatlarning elektromobillar importiga hisoblanadigan foiz stavkalari haqida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, AQShda Xitoy avtomobillariga standartlarga javob bermasligi, dilerlari bo‘lmagani uchun narxga nisbatan qo‘shimcha 102,5% import boji belgilangan. Yevropa Ittifoqiga kiruvchi mamlakatlarda esa bu 38,1%ni, Turkiyada — 50%, Braziliyada 10%ni (2026-yildan 35%) tashkil etadi.
Bunday talablar mavjudligi sabab Turkiya Xitoy elektromobillariga nisbatan qo‘shimcha bojlarni 50%gacha oshirgandan keyin, “BYD” kompaniyasi mamlakatda $1 mlrdlik zavodini qurish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Vahobov oldingi muloqotda tadbirkor olib chiqqan masala monopoliya bilan bog‘lik emasligini, bunga kengroq qarash kerakligini qayd etdi.
“Bu ishchi o‘rni emas, monopoliya emas. Bu avtosanoatda kelajakda farzandlarimiz ishlaydigan bo‘lsa, ulardan malakali mutaxassislar chiqadi. <...> Shuni aytmoqchimanki, mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash deganda faqat mahalliy ishlab chiqaruvchi moshinasini sotadi [degani] emas”, — dedi u.
Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati boj tariflarining nol qiymatda saqlanib qolishi Xitoy elektromobillarining sifatli xizmat ko‘rsatish va hech qanday kafolatlarsiz ommaviy ravishda mamlakatga kirib kelishiga sabab bo‘lishini qayd etdi.
Shu bilan birga, ekspertlar elektromobillarga bojlarni gibrid avtomobillarniki bilan tenglashtirib, akkumulatorlarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalarga jamg‘armalar tashkil etish va yangi texnologiyalar jalb qilish kerakligini keltirishgan.
“Oldingi yig‘ilishimizda tadbirkorimiz ko‘targan masalani men 100% qo‘llab-quvvatlayman. Sababi, bu sanoat rivojlansa bizda minglab ishlab chiqaruvchilar rivojlanadi”, — deya xulosa qildi u.
Doniyor Davletiyarov jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan avtomobillar importini tartibga solish kerakligini bildirgandi. U asosan Xitoydan olib kelingan va mahalliy talablarga javob bermaydigan elektromobillar uchun yangi sertifikatlash talablarini joriy etishni taklif qildi.
Bundan tashqari, “ADM Jizzakh” bosh direktori Markaziy bankning aholiga avtokreditlar berishdagi “ochiqlanmagan cheklovlari” tufayli joriy yilda avtomobillar savdosi 15%ga — 350 ming donaga tushishini prognoz qilgandi.