Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining 71%ida metan gazi 3750 so‘mdan sotilishi aniqlandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qarabayev ma’lum qildi.
Qo‘mita tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan AGTKShlarda chakana narxlarning tizimli monitoringi yo‘lga qo‘yilib, sotuvdagi metan narxlarini tezkorlik bilan aniqlash uchun har bir shoxobcha o‘rganiladi.
Bunda jarayon idoralararo elektron axborot almashinuvi tizimi orqali onlayn hamda bevosita joyiga chiqib amalga oshiriladi. Narxlarni assosiz oshirmaslik bo‘yicha ularga tushintirish berilib, ogohlantiriladi.
Mamlakat bo‘yicha 1 450ta AGTKShda sotilayotgan metanning chakana narxlari dastlabki tezkor monitoring qilindi. Shundan 71%ida 3 750 so‘m narx saqlanib qolingan.
370ta holatda yoki 25%ida narxlar 3800−3950 so‘mgacha oshirilgani aniqlandi. Qolgan 4%i esa ish faoliyatida emas.
Farrux Qarabayevning qayd etishicha, metan narxining keskin oshishiga sabab bo‘luvchi omillar mavjud emas.
Ularning asossiz oshirilishi aniqlangda, xo‘jalik yurituvchilarga nisbatan narxlarni tushirish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilib, moliyaviy jarimalar qo‘llanilishi mumkin.
Bundan tashqari, propan narxlari o‘rganilganda 20% gaz to‘ldirish shoxobchalarida narxlar 5500 so‘mni, 65%ida 5500−6000 so‘m oraliqda ekanligi, 5%i — 6500 so‘m, va 10%i ish faoliyatida emasligi aniqlandi.
Shu bilan birga, birja savdolarida propan narxalariga ta’sir etuvchi omillar o‘rganilmoqda. Ishlab chiqaruvchilar tomonidan narx manipulyatsiyalari va raqobatga zid harakatlar aniqlanganda ularga nisbatan ta’sirchan huquqiy choralar qo‘llaniladi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi propan narxi oshgani bo‘yicha o‘rganish boshlagandi. Ikki oyda suyultirilgan gazning ulgurji narxi 44%ga oshgan.
Energetika vaziri o‘rinbosari Azizxo‘ja Qobilovning qayd etishicha, avtomobillar uchun gaz narxi keskin oshishiga yetarli asoslar mavjud emas. Bu sotib olinadigan tabiiy gaz narxi va soliqlar stavkalari qat’iy belgilanganligi hamda boshqa saqlash xarajatlarida sezilarli o‘zgarishlar kutilmayotgani bilan bog‘liq.