Iyun oyida O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin xaridorlaridan biriga aylandi, deya xabar bermoqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council).
Bir oy davomida jahon markaziy banklari o‘zlarining oltin zaxiralarini 12 tonnaga oshirdi. Qimmatbaho metallarni sotib olish hajmi 31 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, sotuv hajmi 18 tonna bo‘lgan.
Oltin zaxiralarining o‘sishi bo‘yicha birinchi o‘rinni O‘zbekiston Markaziy banki hamda Hindiston zaxira banki egallashdi. Ularning har biri 9 tonnadan sotib olgan.
Yana 4 tonna Polsha Milliy bankiga to‘g‘ri keldi. Qatar Markaziy banki o‘z zaxirasiga 3 tonna oltin qo‘shdi, Iordaniya Markaziy banki va Chexiya Milliy banki har biri 2 tonnadan, yana bir tonna oltinni esa Turkiya regulyatori sotib oldi.
Iyun oyida qimmatbaho metalning asosiy sotuvchisi Singapur Monetar boshqarmasi bo‘lib, uning zaxiralari 12 tonnaga kamaydi. Bundan tashqari, Qozog‘iston Milliy banki zaxiralar 6 tonnaga kamayganini ma’lum qildi.
Yil boshidan buyon O‘zbekiston tomonidan sotilgan oltinning sof hajmi 7 tonnani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat Tailand (10 tonna) va Filippindan (25 tonna) keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Asosiy xaridorlar Turkiya, Hindiston va Xitoy bo‘ldi.
O‘zbekiston Markaziy banki o‘z hisobotida ma’lum qilishicha, ikkinchi chorakda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan $2,1 mlrdlik oltin xarid qilgan. “Tashqi iqtisodiy sharoit va geosiyosiy ziddiyatlar” fonida bu chorakda xaridlar hajmi 18,7%ga oshgan.
1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari $36,3 mlrdni tashkil etdi. Ushbu miqdorning to‘rtdan uch qismi oltin zaxiralariga to‘g‘ri keldi, ularning qiymati 2018-yilda ma’lumotlar e’lon qilingan paytdagi rekordni yangiladi.
Avvalroq birinchi yarim yillikda tovar-xom ashyo birjasida qimmatbaho metallar savdosi 2,3 barobarga oshgani haqida xabar berilgandi. Sotuv hajmining asosiy qismi oltinga to‘g‘ri keldi.