1-avgustdan davlat tomonidan metan uchun belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddati tugadi.
Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda ayrim avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida yoqilg‘i narxi oshgani haqida xabarlar tarqaldi. Bir kubometr metan hududga qarab 3950 so‘m va undan yuqori, turli joylarda esa 4250 so‘mgacha narxlarda taklif qilindi.
2023-yilning sentabr oyida joriy qilingan cheklov 2024-yilning apreligacha amal qilishi belgilangandi, biroq 1-apreldan yana ikki oyga uzaytirildi.
Xususan, aprelgacha hukumat qarori bilan gaz quyish shoxobchalari orqali sotiladigan metanning maksimal chakana narxi 3250 so‘m bo‘ldi. Mart oyida 3350 so‘mga, may oyida esa 400 so‘mga oshirildi.
Shu tariqa 1-avgustdan bir kub metr metan gazning 3750 so‘m miqdoridagi eng baland narxi bekor qilindi. Ayrim hududlarda, jumladan, Andijon viloyatida AGTKShlar uchun maksimal narx 3950 so‘mdan belgilangani haqida ma’lumotlar tarqaldi.
Kuni kecha bosh vazir Abdulla Aripov prezident topshirig‘i bilan vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan. Bu haqda hukumat rahbari matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovga tayanib, “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.
Yig‘ilishda “metan narxining yuqori chegarasini” bekor qilish masalasi muhokama qilingani hamda endilikda davlat bu sohada narx belgilashga aralashmasligi qayd etilgan.
Bosh vazir prezidentning Raqobat qo‘mitasi, Bosh prokuratura va Energetika vazirligiga gaz, jumladan, propan quyish shoxobchalari o‘rtasida raqobat muhitini yaratish orqali narxlarning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishni topshirgan.
“Davlatning narxlarni tartibga solishga aralashuvi raqobat muhitining buzilishiga olib keldi. Shu sababli narxlarning yuqori chegarasi bo‘lmaydi, narxlarni bozor belgilaydi. Raqobat qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha prezident topshirig‘i berildi. Bu xuddi non va g‘alla narxlarini liberallashtirish misolida bo‘lgani kabi amalga oshiriladi”, — dedi Bekzod Hidoyatov.
Bosh vazir matbuot kotibining aytishicha, tadbirkorlarga narx belgilashda erkinlik berish “xohlagan ishni qilish imkoniyatini anglatmaydi”. To‘rtta sektor rahbarlari narxlarning sun’iy ravishda bir necha barobar oshirilmasligini ta’minlaydi.
Shuningdek, u Andijondagi holat haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, hokimliklarga bunday ko‘rsatma berilmaganini ta’kidladi. Viloyat hokimligi ham bu bo‘yicha ko‘rsatma berilganini ma’lum qildi.
Tez orada Energetika vazirligi, Raqobat qo‘mitasi va Bosh prokuratura tomonidan sohadagi o‘zgarishlar haqida alohida matbuot anjumanlari o‘tkaziladi.
1-iyuldan tadbirkorlar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 100% oldindan to‘lovni amalga oshirishlari belgilangan. Yuridik shaxslarga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va talon-toroj qilganlik uchun tariflarga nisbatan oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Shuningdek, metan gaz quyish shoxobchalari siqilgan gaz sarfini hisoblash uchun “Uzinfocom” tizimini o‘rnatishlari zarur.
2025-yilning 1-aprelidan AGTKShlari uchun gaz tariflarining navbatdagi oshirilishi kutilmoqda. Qarorga ko‘ra, metan narxi bir kubometri uchun 2500 so‘mgacha oshiriladi.