1-avgustdan metan uchun belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddati bekor qilindi. Buning ortidan esa ijtimoiy tarmoqlarda metan narxi oshgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Prezident gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha hukumatga qat’iy topshiriq berdi. Xususan, gaz, jumladan, propan quyish shoxobchalari o‘rtasida raqobat muhitini yaratish orqali narxlarning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish topshirildi.
Endilikda AGTKShlardagi narxni bozor belgilaydi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vaziri o‘rinbosari Azizxo‘ja Qobilov ma’lum qildi.
“Sotib olinadigan tabiiy gaz narxi va soliqlar stavkalari qat’iy belgilanganligi hamda boshqa saqlash xarajatlarida sezilarli o‘zgarishlar kutilmayotganligi sabab, 1-avgustdan keyin avtomobillar uchun gaz narxi keskin oshishiga yetarli asoslar mavjud emas, deb hisoblaymiz”, — deydi Qobilov.
Shuningdek, u Raqobat qo‘mitasi, Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya” hamda boshqa tegishli idoralar tomonidan metan narxini barqarorlashtirish, narxlarning asossiz oshirib yuborilishini oldini olish bo‘yicha jiddiy nazorat olib borilishini qayd etdi.
Bundan tashqari, Azizxo‘ja Qobilov suyultirilgan gaz narxi oshganiga oid xabarlarga munosabat bildirdi. O‘rtacha sotish narxi iyul oyi boshidagiga nisbatan 25%ga oshgani ishlab chiqaruvchilar va importerlar tomonidan birjaga propan qo‘yish hajmlarining kamaygani bilan bog‘liq.
Joriy yilning 7 oyida birjaga 183,7 ming tonna (o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 31% ko‘p) suyultirilgan gaz qo‘yilgan, shundan 170 ming tonnasi o‘rtacha 5,6 mln so‘mdan sotilgan. Iyul oyida bu ko‘rsatkich 24,7 ming tonnani tashkil etib, shundan 24,5 ming tonnasi o‘rtacha 6,44 mln so‘mdan sotilgan.
7-avgustdan boshlab “Uzbekistan GTL” tomonidan kuniga yana qo‘shimcha 100 tonnadan propan birja savdolariga qo‘yib boriladi.
6ta yangi importyor tomonidan jami 11,3 ming tonna import suyultirilgan gaz birjada sotilgan. Yil boshidan birja orqali 32 ming tonna (+23%) mahsulot sotilib, mamlakatga 59 ming tonna import qilingan (+50).
Bugungi kunda suyultirilgan gazning tadbirkorlar tomonidan import qilinishiga hech qanday taqiq va cheklovlar yo‘q.
Metanning sotilish narxlari barqarorligini ta’minlash uchun birjada mahsulot xaridi bo‘yicha talab hajmlari asosida ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan birja savdolariga suyultirilgan gaz bir maromda qo‘yib boriladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan dasturiy ta’minot ishlab chiqilib, Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatidagi 3ta AGTKShda sinovdan o‘tkazildi. Toshkent shahridagi bitta shoxobchada esa to‘liq ishga tushirildi.
Tizim “zapravka"lar tomonidan kunlik sotilayotgan gaz hajmini onlayn kuzatish va gaz ballonlarining portlashini oldini olishga qaratilgan.
2025-yilgacha barcha shoxobchada gaz to‘ldirish ustunlariga qo‘shimcha qurilmalar o‘rnatilib, sotilatgan gaz hajmi onlayn kuzatib boriladi. Stansiyalar hududlari kuzatuv kameralari bilan jihozlanib, avtomobil raqami orqali ularga o‘rnatilgan gaz balloni sinovdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi aniqlanadi.
Sotilayotgan yoqilg‘ilarning narxlarini sun’iy oshirish holatlari aniqlanganda tadbirkorlar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi hamda ularga yoqilg‘i yetkazib berilishi to‘xtatiladi.
Bunday holatlar uchrasa Raqobat qo‘mitasining 71 207 47 00, 71 207 48 00 yoki 1159 qisqa raqamiga, Bosh prokuraturaning 1007 qisqa raqami hamda “O‘zenergoinspeksiya"ning 71 200 02 86 telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
2023-yilning sentabr oyida joriy qilingan cheklov 2024-yilning apreligacha amal qilishi belgilangandi, biroq 1-apreldan yana ikki oyga uzaytirildi.
Xususan, aprelgacha hukumat qarori bilan gaz quyish shoxobchalari orqali sotiladigan metanning maksimal chakana narxi 3250 so‘m bo‘ldi. Mart oyida 3350 so‘mga, may oyida esa 400 so‘mga oshirildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi propan narxi oshgani bo‘yicha o‘rganish boshlagandi. Ikki oyda suyultirilgan gazning ulgurji narxi 44%ga oshgan.
1-iyuldan tadbirkorlar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 100% oldindan to‘lovni amalga oshirishlari belgilangan. Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va talon-toroj qilganlik uchun yuridik shaxslar oshiruvchi koeffitsiyent asosida to‘lov qilishadi.
Shuningdek, metan gaz quyish shoxobchalari siqilgan gaz sarfini hisoblash uchun “Uzinfocom” tizimini o‘rnatishlari zarur.
2025-yilning 1-aprelidan AGTKShlari uchun gaz tariflarining navbatdagi oshirilishi kutilmoqda. Qarorga ko‘ra, metan narxi bir kubometri uchun 2500 so‘mgacha oshiriladi.