Toshkent shahrida 107,2 mlrd so‘mlik yerusti piyodalar o‘tish joylarini qurish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha 31-iyul kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan jami 25ta yer usti piyodalar o‘tish joylarini qurish belgilangan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra shundan 20tasi uchun 107 mlrd 258,3 mln so‘m talab qilinadi. Kengash tomonidan hozirda ishlarni boshlash uchun 53,62 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ma’qullandi.
Shuningdek, Toshkent shahar SSTISM Sebzor suv havzasida baseyn suvi hamda yuvinish xonalarini issiq suv bilan uzluksiz ta’minlash uchun mazkur bazada muqobil qozonxona qurilishi uchun 600 mln so‘m yo‘naltiriladi.
Mazkur xarajatlar uchun Toshkent shahar mahalliy budjetining 2024-yilda shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘lar taqsimlanishi belgilanmoqda.
Prezidentning 2022-yilning iyul oyidagi “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi tegishli qarori bilan 2022−2026-yillarda poytaxtda 25ta yerusti o‘tish joylarini qurish belgilangan.
“Gazeta.uz” hujjatda bo‘lajak yerosti va yerusti yo‘llarining manzillari ko‘rsatilmaganini va ularning zarurligi asoslanmaganini qayd etdi. Hokim qarorida ham manzillar ko‘rsatilmagan bo‘lib, tahririyat tomonidan hokimlikka qilingan murojaat buni aniqlash imkonini bermagan.
Avvalroq Mirobod tumanida gastronomik ko‘cha qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Shu sabab, Taras Shevchenko ko‘chasining 250 metr qismi 25-avgustgacha yopildi.