Yilning birinchi yarmida respublika tovar-xom ashyo birjasida mobil raqamlar savdosi ikki baravarga oshdi. Bu haqda savdo maydonchasi matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Yanvar-iyun oylarida mobilraqam.uzex.uz savdo tizimi orqali umumiy qiymati 13,1 mlrd so‘mlik 3 244 dona telefon raqamlari xarid qilindi.
Sotilgan mobil raqamlarning umumiy qiymati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki barobarga o‘sdi.
Eng qimmat “chiroyli” mobil raqam 1,07 mlrd so‘mga sotildi. Auksion natijasida lotning narxi besh baravardan ortiqroqqa oshdi.
Aprel oyida tovar-xom ashyo birjasi “Uzinfocom” integratori bilan domen nomlarining onlayn auksionlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi memorandum imzoladi. O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasining matbuot xizmati “Spot” muxbiri domen savdosini yo‘lga qo‘yish uchun veb-sayt va tender mexanizmi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Savdo maydonchasi rejalariga birja savdo auksionlarining yangi usullarini joriy etish, davlat xaridlarini raqamlashtirish va mobil ilovalarni ishlab chiqish kiradi.
Birinchi yarim yillikda umumiy qiymati 426,2 mlrd so‘mlik avtoraqam belgilari sotilib, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan uch barobarga oshdi. Eng qimmat avtoraqam 517 mln so‘mga xarid qilingan.
Avvalroq olti oy ichida tovar-xom ashyo birjasida 1,3 tonna qimmatbaho metallar sotilgani haqida xabar berilgandi.