Joriy yilning 20-iyulidan Urganch xalqaro aeroporti o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgandi. 8-avgustgacha aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital ta’mirlash belgilangandi.
Urganch xalqaro aeroporti 2024-yil 5-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:00 da o‘z faoliyatini tiklaydi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurilish-ta'mirlash ishlari belgilangan muddatdan avvalroq yakunlangan. Rejaga muvofiq ta’mirlash ishlari aeroportda 7-avgustgacha amalga oshirilishi kerak edi.
Rekonstruksiya vaqtida barcha reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltirilib, yo‘lovchilar Nukus aeroportigacha transport bilan ta’minlandi.
Ikki hafta ichida aeroportda uzunligi 3 ming metr va eni 45 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi almashtirildi va mustahkamlandi. Ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklari kapital ta’mirlandi.
Aeroportga Boeing 787 va Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish Urganch shahriga reyslar soni va yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish imkonini berishi ta’kidlangan.
Uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital rekonstruksiya qilish ishlari oxirgi marta 1997-yilda, shikastlangan qismlarini qisman ta’mirlash esa 2018-yilda amalga oshirilgan.
Avvalroq Toshkent aeroportida fikr-mulohaza va takliflar uchun QR-kodlar joylashtirilgandi. QR-kodlarni telefon yordamida skanerlash orqali so‘rovnomada ishtirok etish va aeroport faoliyatiga baho berish mumkin.