Avvalroq avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasi tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.
26-iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Navoiy erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Golden Lift” qo‘shma korxonasi vakili sertifikatlash vakolatini tadbirkorlarning o‘ziga berishni taklif qildi.
Kompaniya vakili o‘z so‘zida 2023-yilgacha — besh yil davomida ishlab chiqarish yaxshi bo‘lganini, biroq, 2024-yilga kelib bu sertifikatlash bo‘yicha yuzaga kelgan muammolar sabab oqsab qolganini bildirdi.
“Joriy yildan boshlab, sertifikatlash bo‘yicha muammolar bo‘lgani uchun olti oy davomida umuman ishlay olmadik, ishchilarimizga ham javob berib yuborganmiz. Sanoat xavfsizligi davlat muassasasi tomonidan faoliyatimiz to‘xtatildi, ular sertifikatlashni judayam katta muammo qilib turibdi. Bizga o‘z-o‘ziga sertifikat berish vakolatini berishingizni so‘rardik”, — dedi tadbirkor.
Tadbirkor Xitoy, Turkiya davlatlari O‘zbekistonga olib kirgan mahsulotlari uchun o‘z-o‘ziga sertifikat ola olishini, kompaniya mahalliy bo‘lgani uchun ularga sertifikat berilmasligini ham ta’kidladi.
“Juda ham ko‘p joylarga chiqqanmiz, besh yildan buyon lift o‘rnatib kelayotgan bo‘lsak, hech qanday muammo bo‘lmagan, hozir sertifikatlash bo‘yicha shu muammo bo‘lgani uchun ishimiz to‘xtab qolgan”, — deya xulosa qildi u.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov hozirda sertifikatlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.
“Italiya bilan bitim tuzmoqchimiz, bu sertifikatlarni o‘zaro tan olishga [qaratilgan]. Shu bilan birga, Rossiya, Turkiya kabi davlatlar bilan o‘zaro sertifikatlarni tan olish tartibini ishlab chiqyapmiz, hukumatlararo bitimni qabul qilish bo‘yicha jarayonga chiqamiz”, — dedi u.
Shuningdek, Jumanazarov bugungi kunda lift bo‘yicha hech qanday muammo yo‘qligini, bu masalaga aniqlik kirtilishini qayd etdi.
Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov esa tadbirkor murojaatiga javoban, Adliya vazirligiga ham sertifikatlash tizimini yengillashtirish bo‘yicha topshiriq berilganini bildirdi.
Mazkur muloqotda “ADM Jizzakh” zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyarov elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarishni taklif qilgandi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov bu taklifni “100% qo‘llab-quvvatlashi"ni bildirdi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi lift va lift mahsulotlari importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar masalalarini bartaraf etish uchun Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi va hukumatga takliflar kiritilganini ma’lum qilgandi. Xususan, unda vakolatli organ tomonidan bekor qilingan 17ta muvofiqlik sertifatini istisno tarzida tiklash choralarini ko‘rish taklif qilingan.