Xitoyning “Nanjing Fiberglass” kompaniyasi Farg‘onada shisha va optik tolalar hamda bazalt mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniya bosh direktori Sung Ming boshchiligidagi delegatsiya vakillarini qabul qildi.

Uchrashuvda Xitoy investitsiyasi hisobiga hududda sanoat va qurilish uchun maxsus shisha tola, bazalt mahsulotlari hamda optik tola ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Xayrullo Bozorov mazkur maxsus shisha tola, bazalt xomashyosi, optik tola ishlab chiqarish bugun mamlakatimiz uchun juda muhimligini ta’kidlab, loyihani tez fursatda ishga tushirishga har tomonlama amaliy ko‘mak berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Viloyat hokimi boshchiligidagi Farg‘ona delegatsiyasining joriy yil iyun oyida Xitoyga amaliy tashrifi davomida ushbu kompaniya rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, qiymati $20 mln bo‘lgan ushbu loyiha bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgandi.

Uchrashuvda rejalashtirilayotgan korxona Markaziy Osiyoda yagona bo‘lishini qayd etgan Sung Ming, qurilish va sanoatda foydalanish mumkin bo‘lgan shisha tola Xitoyda hozirda keng ommalashganini, bu mahsulotga MDH davlatlari, Yevropa va AQSHda talab yuqori ekanligini ta’kidladi.

Farg‘ona politexnika instituti faoliyati bilan ham tanishgan xitoyliklar, birgalikda muhandis kadrlar tayyorlash imkoniyatini ko‘rib chiqilgani, kelgusida institut bilan hamkorlik qilinishini bildirdilar.

Kompaniya vakillari Markaziy Osiyo servislari uchun muhandislarni Farg‘ona politexnika institutida tayyorlash va ularni Xitoyda malakasini oshirishga tayyorligini qo‘shimcha qildilar.


Avvalroq “Spot” Xitoy kompaniyasi Farg‘onada $40 mlnlik loyihani amalga oshirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Ikki bosqichdan iborat kompaniyaning loyihasi investitsiyalar hisobiga maxsus transport vositalarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.