Toshkent shahrida fuqarolarni Yevropa davlatlariga ishga yuborishini va’da qilgan korxona rahbari ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi va DXX xodimlari bilan tumanad tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada, “Ch.g” MChJ rahbari, muqaddam sudlangan G‘.K. fuqaro B.R.dan $4 500 olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
G‘.K. fuqaro B.R. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularga soxta sertifikat va diplom tayyorlab berish orqali Yevropa davlatlariga ishga yuborishini va’da qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida, MChJ rahbari G‘.K. fuqaro U.T. va boshqalarni aldab, ularni chet elga ishga yuborishi evaziga 25,8 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi, shuningdek 5 nafar fuqaroning nomiga “H-W.” MChJda turli kasblarga o‘qiganligi to‘g‘risida soxta sertifikatlar tayyorlab qo‘yganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq xorijdagi mehnat migrantlarining $380 mingga yaqin pullari undirib berilgani ma’lum qilingandi. Yanvar-iyun oylarida 63,6 ming nafar fuqaro xorijiy davlatlarda manzilli va tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirilgan.